Bosh prokuratura Toshkent shahrida qiymati 1 million AQSh dollariga teng tarixiy qimmatbaho buyumlar topilganligi bo`yicha ma`lumot berdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
19 yanvar kuni Milliy universitetining 4-bosqich talabasi Muhammadbobur Yusupov Toshkent shahrida qiymati 1 million AQSh dollarga teng bo`lgan tarixiy qimmatbaho buyumlar topilgani haqida xabar berilgandi.
Ma`lum bo`lishicha, keltirilgan topilmalarning aksariyati XIX asrga mansub bo`lib, ularning deyarli barchasi O`zbekiston Milliy universitetining muzeyi xodimi Muhammadbobur Yusupov tomonidan so`nggi 2-3 yil davomida universitetdagi professor olimlardan muzey uchun olingan, ushbu ashyolarda ularning universitetga tegishliligini tasdiqlovchi muhrlar mavjudligi, hamda keltirilgan 8 kg oltin esa haqiqatda topilmaganligi aniqlangan.
Bundan tashqari Muhammadbobur Yusupov 2018 yilda Bosh vaziri Abdulla Aripovga murojaat qilib, Toshkent davlat yuridik universiteti (oldingi ADO binosi erto`lasida) va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti erto`lasida tarixiy boyliklar mavjudligini ma`lum qilgan. Uning murojaatidan so`ng, ishchi guruh tuzilib ob`ektlarda arxeologik qidiruv ishlari olib borilgan. Biroq o`rganish natijasida tarixiy boyliklar topilmagan.
O`zbekiston Milliy universiteti rahbariyati 25 yanvarda Muhammadbobur Yusupov bilan suhbat o`tkazgan. Ushbu suhbatda Muhammadbobur Yusupov Romanovlar sulolasiga tegishli bo`lgan tarixiy boyliklar joylashgan joyning xaritasi borligi va bu haqidagi ma`lumotlarni faqatgina O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga yoki Bosh vaziri Abdulla Aripovga taqdim qilishini ma`lum qilgan.
Yuqorida qayd etilgan ob`ektlarda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ham o`rganish o`tkazilgan, biroq biror-bir tarixiy ahamiyat kasb etuvchi boyliklar topilmagan.
O`zbekiston Milliy universiteti tomonidan 2019 yilning 25 yanvarida 17 turdagi topilmalar Qimmatbaho metallar agentligiga vaqtincha saqlovga topshirilgan. Hozirda ularning tarixiyligi va haqiqiy qiymati o`rganilmoqda.






