Buxoro shahrida o`tkazilgan I xalqaro “Ziyorat turizmi” forumi qatnashchilari 23 fevral kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi, deb xabar berdi O`zA.
Dunyoning turli mintaqalaridan kelgan mehmonlar, ko`plab xalqaro tashkilotlar vakillari erta tongda Samarqand temir yo`l vokzalida Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari tomonidan kutib olindi.

Forum qatnashchilari dastlab Samarqand shahridagi Shohi Zinda majmuani ziyorat qildilar. Bu erda ulug` ajdodlarimiz tomonidan buyon etilgan noyob me`moriy yodgorliklar, maqbaralarini asrab-avaylash, obod etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma`lumot berildi.
Dunyoga mashhur Registon majmuasi bilan tanishuv ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, bir necha asrlik tarixga ega Mirzo Ulug`bek, Tillakori va Sherdor madrasalarini kelgusi avlodlarga bezavol etkazish maqsadida ko`rilayotgan chora-tadbirlar, keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xorijlik olim va mutaxassislarga manzur bo`ldi.

Shundan so`ng, xalqaro anjuman ishtirokchilari Payariq tumaniga yo`l olib, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabida bo`lib, ushbu muassasalar faoliyati, ilmiy xodimlar va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlarga markazning tashkil etilishi, vazifa va maqsadlari, buyuk allomalarimiz merosini o`rganish va keng targ`ib etish borasida olib borilayotgan ishlar to`g`risida batafsil ma`lumot berildi. Markaz muzeyi va va undan joy olgan Imom Buxoriyning “ Sahihi Buxoriy” kitobining qadimiy qo`lyozma nusxasi, buyuk muhaddisning ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob asarlari nusxalari va boshqa eksponatlar ularda katta qiziqish uyg`otdi.

Samarqandga tashrif davomida mehmonlar viloyatdagi yana bir qator tarixiy-madaniy obidalar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.








