Farg`ona viloyati bojxonachilari mamlakatimizga tovar-moddiy boyliklar, xususan, sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini noqonuniy olib kirilishiga qarshi keskin kurash olib borishmoqda.
“Farg`ona” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qo`shni mamlakatdan kirib kelgan fuqaro D.G`.ning qing`irligi o`z vaqtida fosh etildi. Ushbu shaxs o`zining “MAN” rusumli yuk avtomashinasi yukxonasida maxsus yashirin joy yasab bojxonachilarni chalg`itishga urinib ko`rdi.
Ammo, bojxonachilar belgilangan tartibda avtomashinani ko`zdan kechirish jarayonida, qo`lbola usulda yasalgan xufiya joy borligini payqab qolishdi. Natijada ushbu ko`z ilg`amas joyga yashirib qo`yilgan umumiy qiymati 702,2 million so`mni tashkil etuvchi 3244 dona sifati kafolatlanmagan biologik faol qo`shimchalar, 239 kilogramm qovun va tarvuz urug`i hamda 78 kilogramm shokolad mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yuqoridagi holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






