Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari sifati kafolatlanmagan tovarlarni noqonuniy aylanmasiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi.
Jumladan, o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Olmazor tumanida fuqaro A.T. o`zining boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasidan 7 turdagi 840 dona xorijda ishlab chiqarilgan biologik faol moddalarni tushirayotgan vaqtda to`xtatildi. Aniqlanishicha, tovarlar hech qanday hujjatga ega bo`lmagan va yurtimizga noqonuniy yo`llar bilan olib kirilgan ekan.
Olingan ashyoviy dalillarning umumiy qiymati 54,6 million so`mni tashkil etdi va mazkur tovarlar vaqtincha saqlovga olib qo`yildi.
Ayni paytda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






