Omonatni saqlab, vaqtida qaytarish kishining rizqini ziyoda qiladi. Omonatga xiyonat qilish esa qashshoqlik keltiradi. Biroq bu haqiqatni anglamay, nafsiga qul bo`ladiganlar ham topiladi...
Sudlanuvchi 27 yoshli D.M. 2013 yil sentyabrdan 2018 yil iyulga qadar Farg`ona tuman DSI Jismoniy shaxslarga soliq ma`muriyatchiligi bo`limi davlat soliq katta inspektori lavozimida ishlagan. U xizmat mavqeidan foydalanib, odamlarning ishonchni suiiste`mol qilgan. Unga xizmat yuzasidan Farg`ona tumani Oqbilol qishlog`i hududida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlardan oylik daromad soliqlari va shu hududda yashovchi fuqarolardan er va mulk soliqlarini yig`ish vazifasi yuklatilgan. Biroq D.M. xizmat mavqeidan foydalanib, yakka tartibdagi tadbirkorlar va fuqarolarni aldab, jami 32.572.363 so`m pullarni o`zlashtiradi. Kvitansiyalarga bu shaxslardan to`lov uchun pul olinganligi haqida soxta yozuv kiritib, hujjatni qalbakilashtirib, pulni o`z ehtiyojiga sarflaydi.
"PUL ZARUR BO`LGANI UChUN..."
Sudlanuvchi sudda aybiga to`liq iqror bo`ldi...
— Menga Farg`ona tumani “Oqbilol” MFY hududi biriktirilgan. Uchastka soliq inspektori lavozimida ishlagan
vaqtimda shu hududda yashovchi fuqarolar er-mulk solig`i va yakka tartibdagi tadbirkorlar daromad solig`ini menga to`lab ketishgan. Qabul qilib olgan pullarimni bankka topshirib, olingan to`lov kvitansiyalarini ularga olib borib berganman. 2016 yilda fuqarolar va tadbirkorlardan qabul qilib olgan pullarimning bir qismini keyinchalik o`rnini qoplayman, deb o`z ehtiyojlarim uchun sarflaganman. 2016 yildan 2018 yil iyunga qadar pul zarur bo`lib qolgandi. Pullarning bir qismini bank orqali to`lovni amalga oshirib, to`lov kvitansiyalarini fuqarolarga berganman. Fuqarolar va tadbirkorlardan qabul qilingan pullarni sarflayotgan vaqtimda, bu pullar kimga tegishli ekanini yozib bormaganman. Pullarni kimlardan olganim va qanchasini sarflaganimni aniq bilmayman. 2018 yil iyunda Oqbilol qishlog`i hududida
yashovchi tadbirkorlar menga qo`ng`iroq qilib, Farg`ona tuman MIBdan xodimlar kelib daromad solig`idan qarz ekanini aytishayotganini bildirdi. Men to`lagan to`lovlarni to`g`rilab qo`yishimni uqtirishdi. Shunda Farg`ona tuman majburiy ijro bo`limiga borib, yakka tartibdagi tadbirkorlar G. Mutalibova, Z. Boboevning daromad solig`i uchun 4.500.000 so`m to`ladim. Ertasiga meni Departamentning Farg`ona tuman bo`limi boshlig`i xizmat xonasiga chaqirtirdi. “Oqbilol” MFY hududida yashovchi tadbirkorlar ariza bilan murojaat qilganini aytdi. Holat bo`yicha tushuntirish xati olishdi. Taftishda jami 73 nafar fuqaro va tadbirkorlardan jami 32.572.363 so`m pullar olinib, bankka topshirilmagani aniqlandi. Pullarni olganimni tan olaman, qilmishidan pushaymonman. Moddiy zararni to`liq qoplaganman.
Farrux ABDURAIMOV, jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudi raisi:
— M.D.ga JK 168-moddasi 3-qismining “b, v” bandlari bilan JKning 45-moddasi qo`llanilib, 2 yil muddatga soliq idoralarida ishlash huquqidan mahrum etilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, eng kam oylik ish haqining 90 baravari miqdorida, ya`ni 15.501.600 so`m jarima jazosi tayinlandi.
JK 228-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan JKning 57-moddasi qo`llanilib, eng kam oylik ish haqining 30 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. JK 59-moddasi 3-qismiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li orqali uzil-kesil 2 yil muddatga soliq idoralarida ishlash huquqidan mahrum etilib, eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida, ya`ni 17.224.000 so`m jarima jazosi tayinlandi. Jarima davlat foydasiga undirilishi belgilangan.
Sadoqat ALLABERGANOVA






