AsosiyJamiyat

Surxondaryolik Jumongning ismi o`zgartirildi

O`g`liga Jumong deb ism qo`ygan qumqo`rg`onlik ota bolasining ismini o`zgartirishga majbur bo`ldi. Bu haqda «Oila davrasida» gazetasi xabar bermoqda.
Gazetada 21 oktyabr – Davlat tili kuniga bag`ishlab chop etilgan maqolada qayd etilishicha, 2012 yili Surxondaryo viloyati Qumqo`rg`on tumanida istiqomat qiluvchi bir yigit o`zining ilk farzandiga Jumong deb ism qo`yishga qaror qilgan. Jumong – o`z vaqtida O`zbekiston telekanallari orqali namoyish etilgan tarixiy koreys serialidagi qo`mondon – bosh qahramon ismidir.
«Qarindosh-urug` va do`stlarning qarshiligi, ayrimlarning masxarasiga qaramay, guvohnomaga Jumong deb yozdirib keldi», – deydi yigitning qishloqdoshlaridan biri Xayrullo Bobonov. Uning qo`shimcha qilishicha, shu ism sabab yigitning ota-onasi bilan o`rtasida sovuqchilik tushgan, oilasidan janjal arimay qolgan, chaqaloq ham tez-tez kasal bo`la boshlagan.
Xayrullo Bobonovning qo`shimcha qilishicha, chaqaloqqa o`zbekcha ism qo`yilganidan so`ng «barchasi iziga tushib ketgan». Bolaga aynan qanday ism qo`yilgani haqida ma`lumot berilmagan.
Ma`lumot o`rnida, o`z farzandiga Jumong, bundan tashqari, boshqa teleserial, film va xorijiy sportchilarning ismlarini qo`yish holatlari O`zbekistonda avvallari ham qayd etilgan. Jumladan, 2008 yili Toshkent shahridagi FHDYo organlari tomonidan o`zbek millatiga mansub bolalarga Esmeralda (Meksika seriali bosh qahramoni), Kamilla (Meksika seriali bosh qahramoni), Aliya (Turkiya seriali bosh qahramoni), Jumong kabi ism qo`yilishi holatlari qayd etilgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar