"O`zgidromet"dan ma`lum qilishlaricha, 27 fevralgacha yurtimizda quruq va iliq ob-havo kutilmoqda. Havo harorati kechasi 3-8 daraja iliq atrofida, kunduzi 13-18 daraja iliq, janubi va cho`l zonalarida 20 daraja iliqqacha ko`tariladi. Bu avvalgi yillarga nisbatan ancha issiq demakdir. Xususan, ko`p yillik o`rtacha qiymatlardan 2-4 darajaga yuqori haroratlardir.
28 fevraldan 2 martgacha hududlarimizga Turkmanistondan nam havo oqimlari sekin kirib kela boshlaydi. Mamlakatimiz hududida bulutlar ko`payadi. 28 fevral va 1 martda ayrim joylarga kuchsiz yomg`ir yog`adi. 2 mart kuni esa yurtimizning katta qismida yog`ingarchilik kutilmoqda. Faqatgina Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog`ingarchilik bo`lmaydi.
Bahor kelib qolganiga qaramay, mamlakatimizning tog`li tumanlarida vaqti-vaqti bilan yomg`ir yog`adi va qorga aylanadi. Harorat kechasi 3-8 daraja iliq, 28 fevral – 1 mart kuni kunduzi 13-18 daraja iliq, 2 martda 10-15 daraja iliq, tog`li hududlarda 2 daraja sovuq – 3 daraja iliq, kunduzi 5-10 daraja iliq bo`ladi.






