1

Andijondagi poliklinikada yuz bergan portlashda jabrlangan o`quvchilarning ahvoli yaxshiligi aytilmoqda (foto)

Jamiyat 26.02.2019, 20:14
Andijondagi poliklinikada yuz bergan portlashda jabrlangan o`quvchilarning ahvoli yaxshiligi aytilmoqda (foto)

Andijon shahri ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi “Issiqlik manbai” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli isitish qozonining portlashi natijasida yuz bergan holat oqibatida 18 nafar o`quvchi engil va o`rta darajada tan jarohati olganini avval xabar qilgan edik.

"Xalq so`zi" nashri muxbiri voqea joyiga borib, vaziyatni yaqindan o`rgandi, jabrlanganlar, guvohlar hamda mutasaddilar bilan suhbatlashdi.

— Bo`limimiz markaziy poliklinikaning orqa tomonida joylashgan. Kirish faqat bir tomonlama. Xonamda o`tirganimda gumburlagan ovoz eshitildi. Tashqariga chiqqanimda oynalar singan ekan, tibbiy ko`rikdan o`tayotgan bolalar cho`chib ketganini ko`rdim. Hamkasblarim bilan ularga birinchi tez tibbiy yordamni ko`rsatishga harakat qildik. Jarohat olganlarni, barcha bemorlarni shoshilinch tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yubordik, — deydi poliklinika ftiziatriya bo`limi mudiri Dilshodbek Xalilov.

— Dugonalarim bilan ichkarida navbatda turgan edik, — deya voqeani so`zlab berdi o`quvchi Ruqiya Abduhalimova. — Shifokorlar shovqin qilmasligimizni iltimos qilishganidan so`ng tashqariga chiqdik. Shunda qozonxonadan tutun chiqayotgandek bo`ldi. E`tibor bermadik. Pillapoyadan tushganimizdan 2-3 daqiqa keyin birdaniga portlash yuz berdi. Qo`rqib ketdik. Bir-ikki joyimiz shilindi. Hozir ahvolimiz yaxshi.
— Tashqarida turgandik, — deydi o`quvchi Nurillo Abdumannopov. — Birdan gumburlagan ovoz eshitilib, hammayoq tutunga to`lib ketdi. Orqamdan shisha siniqlari uchib kelgandek bo`ldi. Qo`limga shikast etdi.
— Hodisa 26 fevral kuni soat 10:26 da poliklinikaning ftiziatriya bo`limi joylashgan hududda yuz bergan, — deydi Andijon shahri tibbiyot birlashmasi boshlig`i Tohir Zokirov. — Bu erda belgilangan reja-jadval asosida shahar xalq ta`limi bo`limi tasarrufidagi 4-umumta`lim maktabining 9-“G” sinf o`quvchilari flyuorografiya tekshiruvidan o`tayotgan bo`lgan. 18 nafar o`quvchi turli darajada tan jarohatlari olgan. Xizmat ko`rsatayotgan shifokorlarning holati ham yaxshi.

Bundan tashqari, poliklinikada bo`lgan yana 10 nafar murojaat qilganlarga qabulxonada ambulator-psixologik yordam ko`rsatilgan. Ayni paytda tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiruv, surishtiruv ishlari davom etmoqda.

— Bugun soat 11:00 lar chamasida markazimizga markaziy poliklinikada yuz bergan hodisa natijasida 18 nafar bemor olib kelingan, — deydi Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi viloyat filiali bosh vrachi Azizbek Mamadiev. — Bemorlarning uch nafari o`rta darajada tan jarohati olgan. Ular neyroreanimasiya bo`limiga yotqizilgan. Biri oyoq, ikkinchisi elka qismida jarohati borligi uchun jarrohlik amaliyoti o`tkazildi. Qolgan 14 nafarining tan jarohati engil, aksariyat bolalar qo`rqib ketgan.

Ularga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan. Hozirgi paytda neyrotravmatologiya bo`limiga yotqizilgan. Bemorlarning barchasi shifokorlarning doimiy nazoratida, belgilangan tartibda muolajalar qilinmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1