AsosiyJamiyat

Buyuk Britaniyaning ta`lim dasturi joriy etildi

'Buyuk Britaniyaning ta`lim dasturi joriy etildi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida 2019 yilning “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e`lon qilinishi nafaqat moliyaviy investisiyalar, balki intellektual investisiyalarni qo`llab-quvvatlash vazifalarini amalga oshirishni ham belgilagandi.

Oliy ta`lim muassasalari nufuzini oshirish, nodavlat ta`lim muassasalari sonini ko`paytirish, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirish, nufuzli xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlik o`rnatish zarurligini bugun davrning o`zi talab qilyapti.

Shu maqsadda poytaxtimzning Mirzo Ulug`bek tumanida Buyuk Britaniyaning “NCUK FOUNDATION” konsorsiumi filiali bo`lgan “NCUK Foundation Tashkent” nodavlat ta`lim muassasasining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

Unda Buyuk Britaniya qirolligining rasmiy vakillari, mamlakatning O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, O`zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Senati a`zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi vazirliklari, Mirzo Ulug`bek tumani hokimligi, olimlar, mutaxassislar va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, joriy yilning yanvar oyida Buyuk Britaniyaning “British Education” xalqaro ta`lim tashkiloti ta`sischiligida O`zbekistonda tashkil etilgan “Vritish Foundation Tashkent” nodavlat ta`lim muassasasi tomonidan halqaro ta`lim standartlari asosida 50 nafarga yaqin kollej, akademik lisey va maktab bitiruvchilariga “Foundation” dasturi bo`yicha ta`lim berish boshlandi.

Barcha o`quv jarayonlari Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan malakali mutaxassislar tomonidan ingliz tilida o`qitilmoqda. E`tiborli tomoni shundaki, mazkur ta`lim muassasasida qo`shni davlatlardan kelgan talabalar ham tahsil olyapti.

Talabalar “NCUK FOUNDATION” dasturi asosida ingliz tili, metematika, biznes va ekonomika fanlaridan 6 oy davomida bilim oladi va Buyuk Britaniyadagi 16 ta oliy ta`lim muassasalaridan o`zlari xohlagan universitetlarga imtixonlarsiz imtiyozli o`qishga kirish uchun yo`llanma beruvchi sertifikatga ega bo`ladi.

— Buyuk Britaniyadagi “British Education” xalqaro ta`lim tashkilotining ta`sischiligida “Vritish Foundation Tashkent” nodavlat ta`lim muassasasi tashkil etildi va O`zbekistonga “FOUNDATION” dasturi joriy etildi, – deydi “Vritish Foundation Tashkent” nodavlat ta`lim muassasasi direktori Feruza Omonova. — Bu nafaqat O`zbekistonda, balki O`rta Osiyoda birinchi zamonaviy va nufuzli ta`lim muassasasi hisoblanadi. Prezidentimiz Konstitusiyamiz qabul qilinganligining 26 yilligida qilgan ma`ruzalarida ta`lim sohasida ta`lim standartlari va o`qitish uslublarini ilg`or xorijiy tajribalar asosida, o`quvchining individual qobiliyatini ro`yobga chiqarish nuqtai nazaridan qayta ko`rib chiqish hamda iqtisodiyotning real sektoridagi talabni kamida 10-15 yil oldin prognoz qilib, mutaxassislar tayyorlash choralarini ko`rish zarurligini ta`kidlagan edilar. Bizning ushbu ta`lim muassasamiz ham O`zbekistonga zamonaviy, raqobatbardosh ta`limni olib kirishiga ishonaman.

Tadbir davomida “British Education” xalqaro ta`lim tashkiloti hamda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o`rtasida o`zaro anglashuv Memorandumi imzolandi. Memorandum iqtidorli yoshlarimizga O`zbekiston Yoshlar ittifoqi tavsiyasiga asosan “Vritish Foundation Tashkent” nodavlat ta`lim muassasasida grant asosida o`qish imkoniyatini beradi.

Go`zal Oxunova

    Boshqa yangiliklar