AsosiyJamiyat

“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” respublika ko`rgazmasi ochildi

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” respublika ko`rgazmasi ochildi, deya xabar bermoqda O`zA. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlar o`z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Tadbir Prezidentimizning 2014 yil 6 fevralda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida o`tkazilmoqda. Yarmarka O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O`zbekiston Respublikasi xalq ustalari, hunarmandlari, musavvirlari “Hunarmand” uyushmasi, O`zbekiston Fermerlari kengashi, qator vazirlik va idoralar, tashkilot va muassasalar hamkorligida tashkil etildi.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakati va hunarmandlik rivojlanib, iqtisodiyotimizning ushbu sektorida faoliyat yuritayotgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Bu borada yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar samarasida aksariyat yoshlar o`z faoliyatini yo`lga qo`yib, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarmoqda, turli xizmatlar ko`rsatayotir. Hududiy va respublika miqyosida o`tkazib kelinayotgan mazkur ko`rgazma yoshlarimizning tajriba va yutuqlarini ommalashtirish, ularning kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka bo`lgan qiziqishini kuchaytirish, tashabbuskorlik, bunyodkorlik va ijodiy faoliyatini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. 

Ko`rgazmaning hududiy bosqichlarida 780 nafar yoshlar ishtirok etdi. Respublika bosqichida har bir viloyatdan 35 yoshgacha bo`lgan 4 nafar eng yaxshi tadbirkor, 2 nafar fermer va bir nafar hunarmand qatnashmoqda.
Ko`rgazmaning ochilishida yoshlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etilayotgani samarasida o`z iqtidor va imkoniyatini namoyon etayotgani, tashabbuskorligi, ishbilarmonligi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o`rnak bo`layotgani ta`kidlandi.
“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” ko`rgazmasida yangi loyiha va xizmat turlarini taqdim etadigan moliya-bank muassasalari, konsalting markazlari va jamoat tashkilotlari faoliyatiga bag`ishlangan alohida stendlar ham o`rin olgan. Ko`rgazmaning yana bir e`tiborli jihati, yosh tadbirkorlar, o`z biznesini endi yo`lga qo`yayotgan yoki rejalashtirayotgan ishtirokchilar uchun foydali o`quv-seminarlari ham tashkil etilmoqda.
Ikki kunlik ko`rgazma yakunida “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi yosh fermeri”, “Yilning eng yaxshi yosh hunarmandi” nominasiyalarida g`oliblar aniqlanib, diplom va qimmatli sovg`alar bilan taqdirlanadi.   

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar