Najib MAHFUZ
Hatto ziyoli kishilar ham uni ko`chada uchratib qolsalar,
ortidan havas bilan qarab qolishar, go`yo sahro sayyohining ko`ziga muzdek zilol
buloq ko`ringani kabi nigohini uzishga kuch topolmas edi. Uning eri tasbeh, tamaki
va gul kabi mayda-chuydalar sotish bilan shug`ullanardi. Turmush o`rtog`i vafot
etganida Ummu Abbos hali qirqqayam kirmagan edi: huzurli yosh, qo`shnilarning
fikricha, ayol benuqsonlik cho`qqisini zabt etgan, uning vujudi, nafis terisidan
kishini maftun etadigan o`ziga xos ifor anqib turadi... Buning ustiga Ummu
Abbosga mol-mulk meros qoldi, eridan so`ng u uy-joy sohibasiga aylandi. To`g`ri, uy
bir oz nurab qolgan, ammo to`rt qavatli, pastki qavatda esa uchta do`koncha
joylashgan. Bu mahalla kishilarining ko`pchiligi qashshoq edi, shuning uchun tul qolgan
Ummu Abbos ularning ko`ziga totli shirinlik bo`lakchasidek ko`rinar, aksar erkaklar
uni o`z ayoli sifatida ko`rishni xohlashardi. Ammo taqdir boshqacharoq farmoyish berdi:
Ummu Abbosning xayolini band qilgan odam hech kimning diqqatini tortmaydigan
Husayn aravakash bo`lib chiqdi, uyam mayliku-ya, Husayn hatto aravachaniyam ijaraga
olgan edi. U o`ttiz yoshlardagi davangirday odam edi. O`zining qo`pol va
mushtumzo`rligi bilan dong taratgan Husayn bahona topilishi bilan, ba`zan esa hech
bir vaj-korsonsiz mushtlashishga hamisha tayyor turardi. Mahallada yoshu qari undan
qo`rqishar, hech kim bu odamga ro`para bo`lishni istamasdi. Shunday sohibjamol qanday
qilib uning tuzog`iga ilinganiga hech kim tushunmadi. Qo`shnilar ayoldan ranjidilar,
g`iybatini qildilar va uning tutgan yo`lini noto`g`ri deb baholadilar. So`ng og`ir
xo`rsinganlaricha:
– Sho`rlik ayol! Bechoragina o`g`li Abbos!.. – dedilar
achinib.
Abbos ayolning birinchi eridan bo`lgan farzandi. U
yigirma yoshlardagi o`ta samimiy, ammo tentaknamo fe`lli o`spirin bo`lib, dudog`idan
doimo bolalarcha tabassum arimaydi. Xayolchan ko`zlarida esa sirli ifoda balqib
turadi. Hali yosh ekaniga qaramay soqol-mo`ylov qo`ygan, ularni erinmay parvarishlab
o`stirardi. U ta`lim olish uchun boshlang`ich sinfga borganida alifboning birorta ham
harfini eslab qololmagan. Natija ma`lum, butunlay savodsiz edi. Otasi o`g`li
hayotda yo`lini topishiga ko`maklashish maqsadida uyning birinchi qavatida
shirinliklar, no`xat va pista sotadigan do`koncha ochib bergan. To`g`ri, Abbos
shirinliklarni oz-moz sotib ham turardi, biroq aksariyatini bolalarga tekin
tarqatardi. Onasi Husayn aravakashga turmushga chiqqanida u bir necha kun qaergadir
yo`qolib qoldi. Qaytganida esa qo`shnilar undan ahvol so`rasalar, ta`na aralash bosh
chayqab:
– Boshqa odamni otamning o`rnida ko`rolmayman,
onamning bu ishi yaxshimas, – dedi.
Tentakligi tutib qolganida bo`lsa yuqoriga — onasining
derazasiga qarab baland ovozda qichqirardi:
– Olloh gunohingizni afv etsin, Ummu Abbos !
Ilgarilari kech tushishi bilan u o`zining galabeyini
echib, och ko`k rangli kostyumini kiyar, soqol va mo`ylovini hafsala bilan silliqlab
tarar, boshiga popukli hojido`ppisini qo`ndirib, qo`liga hassasini olardi-da,
do`konchani qulflab, sayr qilib kelgani jo`nardi. U yo`lida uchragan har bir odam
bilan quyuq so`rashardi. Og`ziga qand bo`lagini solib olib, deyarli butun kecha
davomida behad baxtiyor ko`rinishda tentib yurardi. Onasi turmushga chiqqanidan keyin
ham bu odatini o`zgartirmadi, ammo do`konchaga butunlay ko`chib o`tdi. Onasi o`g`lining
o`jarligini bilgani uchun bunga qarshilik qilmadi. Tungi sayohatlari paytida o`g`li
biron noxushlikka duchor bo`lishi mumkinligidan Ummu Abbos qo`rqmasdi, hamisha
farishtalar o`g`limni asraydi, deya ta`kidlardi.
Husayn kunlarning birida do`konchaga kirib keldi. Abbos
kutilmagan mehmonga tik boqib, ovozini ko`tarib ochiqchasiga dedi:
– Chiqib ket, seni ko`rishni istamayman!
– Axir men o`gay bo`lsa ham sening otangman-ku! – dedi Husayn g`azabi qaynab tutaqqanicha.
Odamlar janjal avj olib ketmasidan ularni ajratishga
oshiqishdi. Husaynni tinchlantirishga urinib, o`spirinni himoya qilishdi. Ummu Abbos
bu holdan juda ranjidi, ohu ko`zlarida yosh yaltiradi. Chunki Abbos uning yagona
farzandi edi. Shu bilan birga Abbosning chiroyli yuzi onasiga juda o`xshab ketardi.
Onasi esa uni haddan ortiq yaxshi ko`rardi.
Husayn uylanganidan so`ng yanada qo`pol va jahldor bo`lib
qoldi. U ulfatlarini tez-tez mehmonga chorlab turar, ular bilan xurmachasidan
toshgunicha ichardi. Oyog`ida zo`rg`a tik turib, xunuk ovozini baralla qo`yib qo`shiq
aytardi.
Abbos uni bunday yovvoyi holatda ko`rib, do`konidan
ko`chaga chiqar, tepaga, onasining derazasiga qarata baland ovozda har doimgiday
qichqirardi:
– Olloh gunohlaringizni afv etsin, Ummu Abbos!
Bir kuni garchand Ummu Abbosning derazasi yopiq
bo`lsa-da, uning xonasidan ko`chaga shovqin-suron va xirillagan qichqiriqlar
eshitildi:
– Bu uyda men xo`jayinman,
hamma narsa menga tegishli!
Ilgarilari hamma faqat hurmat va muhabbat bilan
qaragan ayolga haqorat va po`pisalar dovuli yog`ilayotganini eshitgan qo`shnilar
bir-biridan:
– Nima gap? – deb so`radilar.
– Husayn bunchalar g`azabda ekanining sababi pulga
borib taqaladi, – javob berdi shu erda yashovchilardan biri. – Axir
ularning yagona daromadi — bino ijarasidan yig`iladigan pullar. Uy esa ayolga
tegishli.
Oldinlari Ummu Abbos oq rangli uzun yopinchig`ini
elkasiga tashlab ko`cha aylanishga chiqar, tevarakdagi odamlarga viqor to`la
nigohlari bilan boqib o`tardi. Biroq u endi hatto qo`shnilar bilan so`rashgani ham
uydan chiqmay qo`ydi.
Husayn do`q-po`pisa bilan xotinidan pul undirishda davom
etardi, ammo u bunga qanoatlanmasdan bir kuni mast holda Abbosning do`koniga
tushdi. Ovozini ko`tarib, bad fe`lini namoyish qila boshladi:
– Hoy, etimcha! O`lib ketgan otangdan senga hech
bo`lmasa biron chaqa meros qolgandir-a? Yaxshilikcha ayt, pullaring qaerda?
Abbos unga hatto o`girilib ham qaramadi, go`yoki
yon-verida kimsa yo`qday. Hamisha do`koncha oldida o`ynab yuradigan bolakaylar bo`lsa
tumtaraqay bo`lib qochib qolishdi.
– Yo sen ham barcha shu uyda yashovchi kishilar singari
ijara puli to`la yoki bu erdan qorangni o`chir! – yigitga baqira boshladi
Husayn.
Shunda sut sotuvchi Bayyumi uni tinchlantirish uchun
yordamga oshiqdi. Xudo asrasin-u, tag`in bu odam jahl ustida biron gunoh ish qilib
qo`ymasin. Shu sabab unga yaxshi gapirib do`kondan olib chiqib ketdi. Ammo Husayn
haliyam tili tutilganicha Bayyumining yuziga so`lak sachratib, do`konga qarab
baqirishda davom etardi:
– Tentak, yaramas, haromi!
Kechki payt Abbos yuzidagi hech o`zgarmaydigan beozor
ifoda bilan o`zi uchun odatga aylangan sayrga yo`l oldi. Yo`lida uchraganlarga
yoqimli jilmayib, iliq so`zlar bilan so`rashib o`tardi. Husayn tag`in xotiniga po`pisa
qilishga jon-jahdi bilan kirishdi. U xotinidan uy va do`konlarni o`z nomiga
o`tkazishni talab qilayotgandi. Nizo borgan sari alanga olar, janjal butun
mahallaga ovoza bo`lgandi. Ba`zilar ayolga ma`nan ko`makka intildilar. Ummu Abbos
qo`shnilarga achchiq qismatidan nolib yig`ladi. Rahmdil kishilar Husayn bilan o`rtasiga
tushmoqchi ham bo`ldilar, biroq er-xotinning o`rtasiga esini egan tushadi deb
o`yladilarmi, har qalay niyatlarini amalga oshirmadilar — Husaynning qahridan
qo`rqishdi. Axir u yaqindagina qo`shnisi Karmallning adabini bergandi. Chunki u Ummu
Abbos bergan pullarni o`g`liga etkazishga ko`maklashgan edi. Abbosga pul bergani
uchun yarim tunda baxtiqaro ayolga kaltak yog`ildi, eng beadab so`kishlar bilan
haqoratlandi. Bechora yig`lay-yig`lay bunday yashashda davom etish mumkin emas, degan
qarorga keldi...
Tongotar sukunatini dahshatli chinqiriq ovozi
tilka-pora qildi. Shirin uyquda yotgan odamlar qichqiriq qaerdan kelganini bilish
uchun deraza tavaqalarini lang ochdilar. Ko`plar o`sha joyga borishga otlandilar.
Tunchiroq yorug`ida bangixona oldida qo`rquvdan qaltirab turgan sut sotuvchi
Bayyumini ko`rdilar. U mahallada hammadan oldin uyg`onar, hali tong yorishmasidan
idishini ko`tarib sutga chiqardi. Bu odam nega bunchalar qo`rqdi ekan? Qarasalar,
undan sal narida Husayn yotardi. Boshining ostida qon halqob bo`lib to`planib
qolgandi. Tanasi xuddi qopday cho`zilib harakatsiz dumalab yotardi.
Butun mahalla g`alayonga keldi. Darhol polisiyachilar
etib kelishib, tergov boshladilar. Tergovchilar ishni sinchiklab o`rganishar, har bir
gumonni tekshirishardi. Birinchi bo`lib Karmallni chaqirishdi. Chunki u Husaynning
haqoratlari qurboni bo`lgan oxirgi odam edi. Keyin marhumning o`nga yaqin
do`st-ulfatlari, so`ng adovatda bo`lgan kishilari, Ummu Abbos, ijarada turganlar,
sutchi Bayyumining o`zini ham so`roq qildilar. Ammo ularning hammasi butunlay
aybsiz ekanliklarini isbotlashning uddasidan chiqishdi. Hatto Abbosni ham tergovga
chaqirishdi. Yigit jinoyat yuz bergan vaqtda qaerda bo`lgani haqidagi savolga go`llik
bilan jilmayib, javob berdi:
– Xizr bilan.
Tergovchi Xizr kimligi bilan qiziqib qoldi.
– Nahotki yo`lini yo`qotganlarning homiysi bo`lgan
hazrati Xizr haqida eshitmagansiz?! – dedi u g`oyat ahmoqona iljayib.
Odamlar Abbosning tungi sayrlari haqida bilishardi, u
odatda sandiroqlaydigan joylar, uning bir oz tentakligi xususida guvohlik
berdilar. Shuning uchun ham uni qotillik aloqador deb bo`lmaydi.
Ish boshi berk ko`chaga kirib qoldi, jinoyat ochilmadi.
Bitta xulosa aniq bo`ldi: Husaynning boshi qandaydir o`tkir buyum bilan yorilgan,
natija esa o`lim bilan tugagan. To`g`risini aytganda, marhumga hech kim achinmadi,
faqat odamlar bir-biridan qotil kimligini surishtirishdi. Bu hodisa ancha vaqtgacha
qo`shnilarning suhbatlarida asosiy mavzuligicha qoldi.
Oldiniga Abbos endi onasining uyiga qaytadi deb
o`ylashayotgandi, ammo bunday bo`lmadi. Ayol qattiq qayg`uga botib, hasrat chekdi.
Shuncha ko`rgiliklariga qaramasdan go`zalligi oldingi shukuhini saqlab qoldi. Ummu
Abbos tag`in mag`rur va maftunkor nigoh tashlab ko`chalarda yuradigan bo`ldi.
Bu o`z samarasini berib, qo`lini so`rovchi talabgor ham
topildi. Yosh erkak, hali o`ttizga ham kirmagan, qassoblik bilan kun kechiradigan
kambag`al bir kishi sohibjamolning yuragini zabt etdi. Uni Abdu deyishardi.
Kelishgan, mo`min-qobil, halol yigit. Odamlar hayron bo`ldilar: “Nahotki Ummu
Abbos o`zining achchiq kechmishini unutgan bo`lsa?” Ko`z ochib yumadigan fursat
o`tmasidan Abdu uning eriga aylandi. Shunga nima bo`libdi, balki Yaratgan uni
o`tmishdagi uqubatlari uchun yaxshilik bilan taqdirlamoqchidir. Biroq turli gumon va
mishmishlar tarqay boshladi: Husaynning sirli o`limi Abdu bilan aloqador emasmikin?
Abbos yana oldingi gapini takrorladi:
– Otamning o`rnida boshqa kishining bo`lishi yaxshi
emas.
U yana ko`chaga chiqib, tepaga qarab baland ovozda
qichqiradigan bo`ldi:
– Olloh gunohlaringizni afv etsin, Ummu Abbos!
Vahimali mishmishlar polisiyaga qadar etib bordi.
Natijada yana tergov ishi ochildi. Ummu Abbos va uning yangi erini so`roq qilishdi,
ammo hech nima oydinlashmadi. Jumboq echimsiz qoldi.
Abduning tabiati tilla edi — xotiniga hurmat bilan
munosabatda bo`lardi, undan mehr-muhabbatini darig` tutmasdi. Dastavval Abbosga
xayrixohligini namoyon qildi, biroq yigit uning bu istagini qat`iy rad etdi.
– Meni o`z holimga qo`y, – dedi u cho`rt kesib.
Shunga qaramasdan o`gay otasi u haqda qayg`urish va
tashvishlanishda davom etdi. U Ummu Abbos o`g`lini yashash uchun zarur vositalar bilan
ta`minlayaptimi-yo`qmi, nazorat qilib turardi. Bu orada Abdu amalda ancha jur`atli
va mulohazakor ekanligini ko`rsatdi. U rafiqasi, ya`ni uy bekasiga binoning eski
hovlisini sotishni taklif qildi. Uning puliga esa uyni ta`mirlash va yana bir
qavat qurish mumkinligi taklifini kiritdi. Ummu Abbos unga butunlay ishonadigan
bo`ldi. Erining maslahatlariga quloq tutardi. Ijaradan keladigan daromad anchagina
ko`paydi. Odamlar Abduning uddaburon ekanligiga qoyil qoldilar: “Buni haqiqiy
inson desa bo`ladi!” Hatto bir kuni Abbos kechki sayrdan oldin engil tamaddi
qilish uchun sut-qatiq do`koniga kirganida Bayyumi unga dedi:
– Sening qalbing farishtalarniki kabi top-toza,
Abbos! Lekin nimaga Abdudek oliyjanob insondan o`zingni olib qochasan?
Abbos go`yo savolni eshitmagan kabi yangi ivitilgan
qatiqni lazzatlanib ichishda davom etdi. Javob bermadi.
– Nima, sen ko`ngilchan va yaxshi odamlarni
yoqtirmaysanmi? – qaytadan gap boshladi Bayyumi.
Abbos shoshmasdan Bayyumiga bo`shagan kosani uzatdi va
ko`ziga xotirjam tikilib ta`kidladi:
– Battol u. Qassobxonasida go`shtni qanday
nimtalashini ko`rganingizda edi.
Bir qancha vaqt o`tdi. Abdu nafaqat xotini va o`gay
o`g`liga himmat ko`rsatar, balki o`zining oila a`zolariga ham yaxshilik qilishdan
charchamasdi. Ummu Abbosning uyida bironta xona bo`shashi bilan qarindoshlaridan
kimnidir ijaraga qo`yardi. Agar qarindoshi kambag`alroq bo`lsa, xotinidan ruxsat
olib ijara haqini tushirardi. Onasi va singlisini bu xonadonga boshlab kelguniga
qadar hammasi yaxshi edi. Navbatdagi ijarachi chiqib ketganidan so`ng o`sha uyga onasi
va singlisini ko`chirib keldi. Qo`shnilar bu haqda hatto maqol to`qiy boshladilar:
daraxt kovagidan olgan qo`lingdagi asal shirin albatta, biroq arilar ustingga
qora bulutdek yopirilishi ham bor. Gapning nafsilamrini aytganda, kutilmaganda
uyiga qaynanasining ko`chib kelishi Ummu Abbosga shavq olib kelmadi, ammo hech nima
qilolmadi ham. Unga bir narsa ravshan edi: boshqaruv jilovi endi qo`lidan chiqib
ketdi, ortiq bu erda bekalik qila olmaydi. Chunki qaynanasi hammasini o`z qo`liga
olgandi. Bechora ayol o`zini butunlay keraksizdek his qildi.
Bir kuni u uyning pastki qavatidagi uchta do`kondan
ikkitasining devori nurab darz ketganini payqab qoldi. Ikkita do`konchani
ta`mirlab, bitta katta magazinga aylantirdilar. Peshtaxta oynalari ostida buzoq
va qo`ylarning nimtalanmagan go`shtlari paydo bo`ldi. Abdu bu erga qo`shni
mahalladagi bechorahol qassobxonasi ko`chirib kelgandi. Magazin ochilishi munosabati
bilan duo o`qib, baland ovozda Ollohga shukrona aytdi. Axir Parvardigor unga
qonuniy boylik ato qildi.
Qo`shnilarning suhbatlariga yana mish-mish oraladi:
– Bu odam halollik va oliyhimmatlilik
timsoli, – ta`kidladi bittasi.
– Yo`q, u ikkinchi Husayn, faqat bu
vijdonsizligini yumshoqlik bilan amalga oshiradi, xuddi uyqusiragan odamni allalagan
kabi, – e`tiroz bildirdi boshqasi.
Kimdir uning oliyjanobligidan shubhalandi, kimdir esa
hasaddan ich-etini edi.
Abdu sezilarli darajada o`zgardi, ko`zlaridagi
beozorlik o`rnini o`ziga ishonch egalladi. Odatiy muloyimlik chekinib, qat`iylik va
dadillik paydo bo`ldi. U moliyaviy muvaffaqiyatga erishdi, yirik do`kondorga
aylandi. Bu qat`iylik va dadillik savdo ishlaridagina aks etmadi, u uyda ham
o`zini shunday tutadigan bo`ldi. Ummu Abbos qaynanasi va qaynsinglisi bilan nizoga
borsa, keskin turib ayolning aqlini kiritib qo`yardi. Ayol uning qahridan qattiq
qo`rqardi, chunki u Abduning latif va yumshoq muomalasiga o`rganib qolgandi. Ummu
Abbos chuqur iztirobga tushdi. Oilaviy munosabatlari toqat qilib bo`lmaydigan
darajada yomon ahvolga kelib qoldi. Nihoyat u yo`qotgan huquqlarini o`ziga
qaytarishga urinib ko`rishga ahd qildi.
– Men o`z uyimda begonalarsiz bemalol yashashni
istayman, – deb ma`lumladi u eriga.
– Istayotgan bo`lsang, ketaver, to`rt tomoning
qibla! – o`ylab o`tirmasdan javob berdi Abdu ovozini ko`tarib.
Ummu Abbos quloqlariga ishonmadi.
– Bu mening uyim, – ovozi o`zgarib ayyuhannos
sola boshladi u, – aksincha, urug`-aymog`ing bu erdan qorasini o`chirishsin!
Janjal boshlanib, ayollar to`satdan yoqalashib ketdilar.
Abdu onasini xafa qilishni istamasdi. Shu sabab xotiniga tashlandi, uni
urib-kaltaklab, itarib-itarib uydan chiqarib yubordi. Ummu Abbos so`ppayganicha
ko`chada qoldi. Yaxshiyam unga bechorahol bir oila boshpana berdi, bular birinchi
erining uzoq qarindoshlari edi. Bu mojaro hammaga yomon ta`sir qildi. Abbos
onasining yangi manzilgohiga borib, baland ovozda qichqirdi:
– Olloh gunohlaringizni afv etsin, Ummu Abbos !
Qo`shnilar nima qilishni bilishmasdi. Ular boshlariga
tashvish orttirishdan qo`rqib, pichirlab gaplashishardi. Axir Abdu obro`li inson, uning
g`azabi bilan o`yin qilib bo`lmaydi. Kimdir sudga murojaat qilish taklifini kiritdi,
ammo hamma o`zining tinchi buzilishidan xavfsirardi. Faqat Abbosgina Abduga
ochiqchasiga hazar qilib qarardi. Oqibat uning bu qarashlari Abduning joniga
tegib, kun ko`rishi uchun Abbosga pul berishni to`xtatdi.
– Esi pastning qo`liga pul berish befoyda, –
dedi u hammaga eshittirib. – Istalgan biringiz, – davom etdi u
mojaroning xolis kuzatuvchilariga yuzlanib, – mana bu ovsardan ko`ra pullarga
ko`proq haqlisiz.
Odamlar bo`lsa, echki va qo`yning nimtalanmagan go`shtlari
to`la peshoynaga tikilib qolishdi. Ichlarida: “Bu farovonlik va dabdabaga kim
tufayli erishganini unutib qo`ydi chog`i?” degan savolga to`xtalardilar.
Abbos uning gaplariga e`tiborsiz edi, hatto
ilgaridagidan-da baxtli va erkinroq ko`rinardi. Bugun ham odatdagidek kechki
sayrga otlandi. O`zini butun boshli qirollikning yagona vorisi kabi tutardi.
Odamlar Ummu Abbosning xosiyatsiz ayol ekanligini gapirishardi, fe`lidagi
nuqsonlik tufayli ayol doim kulfatga duchor bo`laveradi. Ummu Abbos erining nochor
qarindoshlarinikida yashab turgan paytda Abdu yanada boyib ketdi. Endi u shaharning
moliyaviy ishlarida qatnashadigan g`ayratli ishbilarmonga aylangandi. Yaxshi odamlar
oraga tushib, rafiqasi bilan yarashtirishdi. Ummu Abbos uyiga qaytdi, ammo qalbi
siniq, munosib hayot kechirishga umid qilmagan holda edi. Abdu unga Abbosning kun
kechirishi uchun mablag` berib turishiga yana yo`l qo`ymadi. U boshqacharoq yo`l tutmoqchi
ekanligini, do`konchani qarindoshlaridan biriga sotadigan bo`lganini, u odam
Abbosdan ko`ra tejamli va rejali ish yuritishini aytdi.
Abdu allaqachon farovon hayotga odatlangandi. Yangi
boshlagan tinchgina turmushi unga ma`qul tushgandi. Kallasiga hashamdor salla o`rab,
elkasiga tuya terisidan po`stin tashlab, bejirim etik kiyib olgandi. Qo`llariga Xon
al-Xalil2ning
tilla bozoridan olgan yirik uzuklarni taqib ko`chaga chiqqanida undan o`tkir mushk
isi kelib turardi.
2. Xon al-Xalil
— Qohiradagi mahalliy hunarmandlarning oltindan ishlangan buyumlari va boshqa
mahsulotlar sotiladigan qadimiy bozor.
Atrofdagilar uni pichirlagan kuyi kuzatib qolishardi:
– Iloho, umringiz uzun bo`lsin...
Kunlarning birida tungi sukunatni yana vahimali
chinqiriq buzdi. Qo`rqib ketgan odamlar deraza tavaqalarini lang ochdilar. Bu gal
ham bangixonaning oldida sut-qatiqchi Bayyumi qo`rquvdan qaltirab turardi. U
to`planganlarga erda xuddi qop kabi cho`zilib yotgan odamni ko`rsatdi. Bu xoja Abdu
edi. Uning yorilgan boshidan qon halqob bo`lib tushgandi. Mahallada xuddi zilzila
yuz bergandek edi. Polisiya, tergovchilar, guvohlar... Ko`pchilikni so`roq qilishdi,
lekin hech kimga kichik bir gumon ham tushmadi. Hamma Abduning o`limi ham xuddi
Husaynniki kabi jumboqligicha qolishi to`g`risida gapirardi.
– Juda g`aroyib voqealar bo`lyapti! –
gapirishardi qo`shnilar qo`llarini bir-biriga ishqab. – Endi Ummu Abbosning
navbatdagi turmush o`rtog`i kim bo`lar ekan-a?
Abbos odatiy kechki sayrdan oldin tamaddi uchun Bayyumining do`koniga kirdi. U qatiq
ichib o`tirar ekan, do`kon sohibi vazmin ko`rinishda, ammo ajablanganicha uni kuzatib o`tirardi.
– Qanchalar qo`rqinchli odamsan-a, Abbos! – deb yubordi Bayyumi biroz
ikkilanishdan so`ng.
Yigit unga qarab do`stona tabassum qildi.
– Men bangixona oldida uchratganimda Abdu hali
tirik edi, – axiyri pichirladi Bayyumi, – u joni chiqishidan oldin
qotilning ismini menga aytdi.
Abbos mo`ylovini silab tekislagan bo`ldi, keyin
qoshig`ini yana qatiqqa to`ldirdi-da, xotirjam ko`rinishda og`ziga olib bordi.
– Abdu aytgan odam Husaynni ham o`ldirganiga
ishonchim komil, – davom etdi Bayyumi.
Abbosning yuzi xuddi allaqachonlar unutilgan timsolni
xotiriga olib qiynalgan odam misoli bir ongina taranglashdi. Keyin u yana qatiq
ichish bilan andarmon bo`ldi.
– Ammo men tergov vaqtida qotil haqida unutdim.
Ollohning irodasi bilan shunday bo`lgan degan qarorga keldim! – dedi Bayyumi.
Abbos kosani bo`shatdi va do`kondan chiqib ketishga
taraddudlandi.
– Kimsan o`zi, Abbos? – savoldan o`zini
tiyolmadi Bayyumi. – Har kecha hazrati Xizr sen bilan nimani gaplashadi?
Rus
tilidan Xosiyat RAJABOVA tarjimasi