Joriy yilning 19 martida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida yoshlarga e`tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish masalalari qatorida yoshlar o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlikka berilayotgan e`tibor shu kunlarda yangicha mazmun-mohiyat kasb etmoqda.
Ayni shu an`anadan chetda qolmagan holda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ham yoshlar o`rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil qilinmoqda.
2019 yil 29 mart kuni Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan bir guruh faol yosh xodimlar, Yoshlar ittifoqining boshlang`ich tashkilotlari etakchilari ishtirokida poytaxtimizdagi 21-Mehribonlik uyida “Kitob – mening do`stimsan” aksiyasi uyushtirildi.
Aksiya doirasida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga o`zbek va rus tillaridagi turli qomusiy, ertak, badiiy va she`riy adabiyotlar tuhfa qilindi.
Tadbir avvalida yosh bojxonachilar tarbiyalanuvchilar bilan muloqotga kirishishar ekan, kitobga oshno bo`lishning qadri, qiymati haqida so`z yuritishdi.
Darhaqiqat, kitob insonning ichki dunyosiga nur olib kiradi. Kitobga mehr qo`ygan, u bilan do`st tutingan insonning ko`ngliga xotirjamlik, ma`naviy olamiga esa go`zallik oshfuta bo`ladi. Zero, o`qishdan to`xtagan odam fikrlashdan ham to`xtaydi.
Tadbir doirasida turli yozuvchilarning hayoti va ijodi, badiiy asarlar qahramonlari haqida bo`lib o`tgan savol-javoblarda zukko tarbiyalanuvchilar o`z bilimlarini sinovdan o`tkazishdi.
Kitobxonlik kechasiga aylanib ketgan tadbirda ijodkor bojxona xodimlari va she`r mashq qilayotgan o`quvchilar o`z she`rlaridan mutolaa qilishdi.
Hali siyohi qurimagan, buyoq hidi ufurib turgan yangi kitoblarni ajib bir ishtiyoq bilan varaqlashga tushgan bolalarning yuzu ko`zidagi quvonch aslida ezgulikdan nishona. Muhtaram Yurtboshimiz ta`biri bilan aytganda “Ezgulik kirib borgan yuraklarga hech qachon yovuzlik yaqin yo`lamaydi”.
Kitobxonlik targ`ibotiga qaratilgan bu kabi tadbirlar davlat bojxona xizmati organlarida davom etmoqda.