uz24.uz saytining ijtimoiy tarmog`idagi “Jamoatchilik nazorati” guruhiga foydalanuvchilar tomonidan poytaxtimizning bir necha joylarida daraxtlar kesilayotgani haqida xabarlar joylanmoqda.



Jumladan, guruh ishtirokchilaridan biri Sirg`ali tumanidagi 7- o`rta maktab atrofida ko`p yillik chinor daraxtlari kesilayotganini ma`lum qilgan. Ajablanarlisi shundaki, daraxtlarning uchlari butunlay arralab tashlangan va ayni paytda u ko`proq uch metrli ustunni eslatmoqda.
Bundan tashqari, daraxtlar Nukus ko`chasida ham yoppasiga kesib tashlanayotgani to`g`risida xabar berilgan. Mazkur tumanda yashovchilarning so`zlariga ko`ra, kesish ishlari kechasi ham davom ettirilmoqda. Shu o`rinda aytish kerakki, UZ24 tahririyatiga Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo`mitasining Toshkent shahar bo`limi ma`lum qilishicha, hozirda bu ko`chada chinorlarning kesilishiga rasmiy ruxsat berilgan. Qo`mita chinorlar o`rniga lola daraxti ekilishini aytmoqda.
Eslatib o`tamiz, poytaxtda daraxtlarni arralashga, kesishga Toshkent shahar hokimining birinchi o`rinbosaridan maxsus ruxsatnoma talab etiladi.





