O`zbekiston oziq-ovqat muammosini hal etish uchun paxta ekin maydonlarini 2 marta qisqartirdi, deya xabar bermoqda iqtisodiyot vazirligi matbuot xizmati.
O`zbekiston qishloq xo`jaligi ekinlarining deyarli barcha asosiy turlarini etishtirish uchun ajoyib tabiiy-iqlim sharoitlariga ega. Respublikamizda etishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari ajoyib ta`m va iste`mol xususiyatlariga ega bo`lib, u qadimdan butun jahonga mashhur, deb yozadi vazirlik.
O`zbekiston mustaqillikni qo`lga kiritishi bilan qisqa muddatlarda mamlakatning g`alla va umuman oziq-ovqat mustaqilligiga erishish, aholini o`zimizda ishlab chiqarilgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash strategik maqsadi qo`yildi.
Oziq-ovqat muammosini hal etish uchun paxta ekin maydonlari 2 marta qisqartirildi, bo`shatilgan maydonlarda esa oziq-ovqat ekinlari, shu jumladan, g`alla, meva-sabzavot, kartoshka, uzum, poliz va ozuqa ekinlari etishtirila boshladi.
Natijada mustaqillik yillarida g`alla ekinlari etishtirish 1 million tonnadan 8 million tonnagacha, meva-sabzavot mahsulotlari etishtirish 4 million tonnadan 16 million tonnagacha oshdi. Qishloq xo`jaligi yalpi mahsuloti umumiy hajmida paxtaning ulushi hozirgi vaqtda 9 foizdan oshmagani holida, bunda g`alla ekinlari ulushi 8,5 foizni, meva-sabzavot ekinlari va uzumning ulushi 30 foizni, kartoshka 11 foizni, chorvachilik mahsulotlari 40 foizdan ko`pni tashkil qilmoqda.





