AsosiyJamiyat

Davlat dasturini amalga oshirish uchun 9 oyda 4,2 trillion so`m va 200 million dollar mablag` yo`naltirildi

19 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Unda deputatlar O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2014 yil to`qqiz oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni ko`rib chiqdilar, deya xabar beradi O`zA.
Davlat byudjetining hisobot davridagi ijrosi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bir qator qo`mitalarining majlislarida Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar vakillarining ishtirokida oldindan muhokama etildi. Muhokamalar chog`ida mamlakatimizning bosh moliyaviy hujjatini ijro etish mexanizmini yanada takomillashtirishga qaratilgan talay amaliy takliflar bildirildi.
Qonunchilik palatasi majlisida O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti 2014 yilning to`qqiz oyida avval O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlangan parametrlarga muvofiq ijro etilganligi ta`kidlandi. Vazirlar Mahkamasining joriy yil yanvar oyida o`tkazilgan majlisida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor yo`nalishlarini aniq maqsadni ko`zlagan holda amalga oshirish hisobot davrida iqtisodiyotning izchil ravishda o`sishiga va makroiqtisodiy barqarorlikka xizmat qildi. Bu davrda yalpi ichki mahsulotning o`sish sur`atlari 8,1 foizni, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmlarining o`sishi 8,4 foizni, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish hajmlarining o`sishi 6,8 foizni, chakana tovar aylanmasining o`sish sur`atlari 14,2 foizni tashkil etdi. Mamlakatimizning asosiy moliyaviy hujjati hisobot davrida profisit bilan bajarildi.
Mashinasozlik va metallga ishlov berish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, engil sanoat, tibbiy, oziq-ovqat sanoati, qora metallurgiya sanoati izchil rivojlandi, ularning sanoat ishlab chiqarishi umumiy tizimidagi ulushi o`tgan yilning shu davrdagiga nisbatan ko`paydi. Bank tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash borasida ko`rilayotgan chora-tadbirlar banklarning jami kapitali o`sishini, xo`jalik yurituvchi sub`ektlar hamda aholi depozitlarining, aktivlar va kredit qo`yilmalarining ko`payishini ta`minladi.
Joriy yil boshidan buyon amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 777,8 mingta yangi ish o`rni, shu jumladan, qishloq joylarda 465 mingta ish o`rni tashkil etildi. “Sog`lom bola yili” Davlat dasturini amalga oshirishga katta e`tibor qaratilib, uni moliyalashtirishga barcha manbalardan 4,2 trillion so`m va 200 million dollar mablag` yo`naltirildi. Hisobot davrida sog`liqni saqlash, ta`lim, fan, madaniyat va sport sohalari o`z vaqtida moliyalashtirib turildi, aholining kam ta`minlangan qatlamlari qo`llab-quvvatlandi. Salmoqli darajadagi byudjet mablag`lari ajratilishi ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini yanada oshirish orqali aholi farovonligini izchil yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi.

Deputatlar har tomonlama muhokama chog`ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2014 yil to`qqiz oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni tasdiqladilar va tegishli qaror qabul qildilar.
Majlis chog`ida deputatlar, shuningdek, mamlakatimizda jamiyat hayotining turli sohalarida olib borilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalarini ham birinchi o`qishda ko`rib chiqdilar. Jumladan, parlament a`zolari Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan “Investisiya va pay fondlari to`g`risida”gi qonun loyihasini muhokama etdilar. Qonun loyihasi mamlakatimizda jamoaviy investisiyalash tizimini tashkil etishni rag`batlantirishga, vaqtinchalik bo`sh turgan pul mablag`larini safarbar etishga hamda ularni milliy iqtisodiyotning turli sohalarini moliyalashtirishga yo`naltirishga qaratilgandir.
Majlisning kun tartibiga “Bolalarni ularning jismoniy va ma`naviy rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatadigan axborotdan himoya qilish to`g`risida”gi qonun loyihasi ham kiritildi. Ushbu qonun loyihasi “Sog`lom bola yili” Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi bolalarni jismoniy, ruhiy, ijtimoiy, axloqiy va ma`naviy rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatadigan axborotdan himoya qiladigan qonunchilik kafolatlari va tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni aniq belgilab qo`yishga qaratilgandir.
Qonun loyihalarini muhokama etish chog`ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining vakillari savollar va takliflar bilan so`zga chiqdilar. Har tomonlama ko`rib chiqishdan so`ng deputatlar ushbu qonun loyihalarining asosiy qoidalarini ma`qulladilar hamda ularni birinchi o`qishda qabul qildilar.
O`zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar