"Vodiygazta`minot" unitar korxonasi Beshariq tuman filialining aholiga suyultirilgan gaz ballonlari etkazib berish ahvoli o`rganilganda, talaygina qonunbuzilishiga yo`l qo`yilganligi ayon bo`ldi.
Ma`lum bo`lishicha, "Vodiygazta`minot" unitar korxonasining mazkur tumandagi filiali tomonidan 2013 yilda 10 va 20 kilogrammli gaz ballonlarida aholiga jami 587 ming 980 kilogramm suyultirilgan gaz etkazib berilgan. Biroq gaz ballonlarini aholiga sotishdan tushgan jami 285 mln. 787 ming so`mdan ziyod naqd pul mablag`i nazorat-kassa mashinasidan o`tkazilmasdan, Davlat soliq xizmatidan ro`yxatdan o`tmagan chiptalar (kvitansiyalar) orqali kirim qilinib, "Milliy bank" Beshariq tuman filialiga topshirilgan.
Shuningdek, 2013 yil va 2014 yilning o`rganilgan vaqti mobaynida filialning ekspeditori A.G`anievning talabi bilan suyultirilgan gaz ballonlarini o`rnatuvchi usta va haydovchilar aholiga to`ldirilgan ballonlarni belgilanganiga nisbatan qimmat narxlarda sotishgan. Bundan tushgan jami 8 mln. 200 ming so`mdan ziyod naqd pul mablag`i bankka topshirilmasdan, turli ehtiyojlar uchun sarflab kelingan.
Mazkur holatlar yuzasidan "Vodiygazta`minot" unitar korxonasining Beshariq tuman filiali mansabdor shaxslari tegishli jinoiy javobgarlikka tortildi. Etkazilgan zarar undirildi.
"Zarafshon" gazetasining yozishicha, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2012 yil 22 avgustdagi qaydnomasiga asosan, 1 kilogramm suyultirilgan gaz (SUG) 255 so`m qiymatda etkazib berilishi belgilangan. Demak, 50 litrlik maishiy gaz ballonini SUG bilan to`ldirib, mijozga etkazib berish uchun 5 ming 100 so`m haq olinadi.
Manba: “Huquq” gazetasi





