O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning taklifiga binoan 24 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan Ostona shahriga keldi, deb xabar bermoqda O`zA.
Shu kunning o`zida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi bo`ldi. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning muhim masalalari, Markaziy Osiyo va uning atrofidagi vaziyat, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro muammolar muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz oliy darajadagi ushbu muloqotga O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi ko`p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish, hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlarini belgilab olishning muhim omili sifatida qaramoqda.
Tashrifning asosiy voqealari 25 noyabrga mo`ljallangan. Prezidentlar tor doirada va ikki mamlakat delegasiyalari ishtirokida muzokaralar o`tkazadi.
O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi hamkorlik rivoji nafaqat uzoq istiqbolga mo`ljallangani, balki butun Markaziy Osiyoning barqarorligi va farovonligiga xizmat qilishi bilan ham muhim ahamiyatga egadir.
Mustahkam shartnomaviy-huquqiy hujjatlar majmui o`zaro hamkorlikning barcha sohalarini qamrab olgan. 1998 yilda imzolangan Abadiy do`stlik to`g`risidagi shartnoma, 2013 yilda imzolangan Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma uning asosini tashkil etadi.
24.11.2014 20:31





