Ushbu yirik tanlov jahonning ko`plab mamlakatlari opera xonandalariga italyan operasini ijro etish bo`yicha o`z qobiliyatini namoyish qilish imkonini bermoqda. Joriy yilda mazkur tanlov O`zbekistonda ilk bor o`tkazilmoqda, deya xabar bermoqda O`zA.
Bu mamlakatimizda san`at namoyandalari, ularning yuksak ijod cho`qqilarini zabt etishini rag`batlantirish uchun barcha zarur sharoit yaratilganining yana bir xalqaro e`tirofidir.
Tadbir O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Avstriyadagi «Competizione dell'Opera» xalqaro tanlovi assosiasiyasi, «O`zbekteatr» ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda tanlovning Osiyo, Evropa, Avstraliya, Afrika va Janubiy Amerikada o`tkazilgan saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashgan yosh opera ijrochilari ishtirok etmoqda.
Tanlov doirasida V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik liseyida mamlakatimiz vakillarini eshitib ko`rish bo`yicha saralash bosqichi bo`lib o`tdi. O`zbekiston Davlat konservatoriyasining 40 dan ziyod talaba va bitiruvchisi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining xonanda hamda stajyorlari XX asrgacha yaratilgan opera asarlarini italyan tilida ijro etish bo`yicha o`z iste`dodini namoyish qildi.
– «Competizione dell'Opera» tanlovi ko`plab yosh opera ijrochilariga musiqa olamini zabt etish va dunyodagi eng nufuzli opera sahnalarida ijro etish uchun ajoyib imkoniyatdir, – deydi O`zbekiston Davlat konservatoriyasining uchinchi kurs talabasi, «Bella voce» xalqaro talabalar tanlovi (Rossiya) sovrindori Madina Bozorova. – Shu bois ushbu saralash bosqichida ishtirok etayotganimiz katta ahamiyatga ega. Bu bosqichda men Petro Maskanining «Qishloq sha`ni» operasidan ariya ijro etdim.
O`zbekistonda opera san`ati yo`nalishida ijod qilayotgan iqtidorli yoshlar ko`p. Bu kuchli raqobat muhitida o`tgan saralash bosqichida yana bir bor o`z tasdig`ini topdi. Yosh ijrochilarning chiqishlari nufuzli hay`at tomonidan baholandi.
– Yosh opera xonandalarimiz ushbu tanlovga puxta tayyorgarlik ko`rdi, – deydi hay`at a`zosi, O`zbekiston xalq artisti Avaz Rajabov. – Da`vogarlar orasida turli xalqaro tanlovlar g`olib va sovrindorlari ko`p. Shu bois ularning eng yaxshilarini tanlab olish qiyin kechdi.
25-27 noyabr kunlari «Turkiston» san`at saroyida «Competizione dell'Opera» opera ijrochilarining XIV xalqaro tanlovi bo`lib o`tadi.





