Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida mamlakatimiz Konstitusiyasi qabul qilinganligining 22 yilligi munosabati bilan “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi — mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” loyihasi doirasida “Vatan kelajagi sening qo`lingda!” va “Men saylovga tayyorman” shiori ostida rasmlar tanlovi bo`lib o`tdi, deb xabar berildi "Xalq so`zi" gazetasi rasmiy saytida.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda O`zbekiston Respublikasi Adliya, Xalq ta`limi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklari, Badiiy akademiya mutasaddilari, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika rassomlik kolleji, respublika ixtisoslashtirilgan san`at maktablarining iqtidorli talaba-o`quvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Ta`kidlandiki, yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta`minlash, ularni hech kimdan kam bo`lmagan, barkamol va etuk insonlar etib voyaga etkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biridir.
Ushbu rasmlar tanlovida talaba-yoshlar mamlakatimizda hayotga tatbiq qilinayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati, faol fuqarolik pozisiyasi, yurtimizdagi mislsiz o`zgarishlar va barcha sohalardagi ulkan yutuqlarni o`z ijodiy ishlarida namoyish etishdi.
— Bu kabi tanlovlar huquqiy bilimimizni boyitish bilan birga, ijodiy mahoratimizni oshirishga ham imkon bermoqda, — deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi Komila Nosirova. — Shu asnoda tengqurlarimizning tasviriy san`at asarlari bilan tanishdik, ijodiy muloqotda bo`ldik.
Tadbir doirasida taniqli rassomlar tomonidan yoshlar uchun mahorat darslari uyushtirildi.





