Shu yilning may oyida farg`onalik qiz Qo`qon shahridagi Bog`ibiyon ko`chasidagi 51-uyga kirib xonadon egalariga o`zini “musofir, andijonlik savdogarman”, deya tanishtirib, tunab qolishga ijozat so`raydi, deb yozmoqda uz24.uz. Mehmondo`st, bag`rikeng xonadonning tuzini ichib, tuzlig`iga tupuradi.
Ertasi kuni saharda xonadon egalariga tegishli, bahosi 960 ming so`m bo`lgan ikki juft zirak, 15 ming so`mlik hamyon va uning ichidagi 150 ming so`m pulni o`g`irlab chiqib ketadi. Ziraklarni o`zimniki deb ishontirib, sotib yuboradi.
Shuningdek, u Turkiston ko`chasi 26-ko`p qavatli uyning 2-xonasida joylashgan ayollar saloniga shogird sifatida kelib, sartaroshning bandligidan foydalanib, javon ustida turgan 220 ming so`mlik qo`l telefonini hech kimga sezdirmay olib qo`yadi. So`ngra Navbahor ko`chasidagi do`konlardan biriga kirib, telefon apparatlari savdosi bilan shug`ullanuvchi notanish sotuvchiga pul zarur bo`lib qolganini bahona qilib, 50 ming so`mga sotadi.
Tezkor-surishtiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi qiz qo`lga olindi. Unga tegishli jazo tayinlandi.





