Avval xabar berganimizdek, shu yilning 14-23 may kunlari dunyoning eng mashhur va yirik kinotadbiri bo`lmish Kann kinofestivali doirasidagi Marché Du Film kinobozori bo`lib o`tadigan mashhur Kruazet bulvarida yana bir bor O`zbekiston bayrog`i ko`tariladi va maxsus pavilonda O`zbekiston kinoturizm va kinoindustriyasi salohiyati namoyish etiladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi rasmiy saytida ma`lum qilingan.

O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zbekiston milliy kinokomissiyasi hamda Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko`magida 72- xalqaro Kann festivali doirasida bu yil ikkinchi bor O`zbekiston milliy paviloni tashkil qilinadi.

Matbuot anjumanida ushbu nufuzli kinotadbirda mamlakatimiz nomidan qatnashuvchi kinoyulduzlar, soha mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Butun dunyodan kinematografiya sohasi vakillari ishtirok etadigan kinobozorda O`zbekiston delegasiyasi vakillari mamlakat kinolokasiyalarini targ`ib qilish, O`zbekiston ishtirokida qo`shma kinoloyihalar qilish (koprodakshn) hamda chet el kinokompaniyalarini yurtimizga filmlar sur`atga olish uchun jalb qilish yuzasidan muzokaralar olib boradi.

Ushbu nufuzli kinofestival davomida betakror yurtimizning kinoturizm salohiyatini namoyish etish, uni film olish uchun qulay va optimal lokasiya sifatida targ`ib qilish, taniqli kinokompaniyalarni mamlakatimizga o`z filmlarini suratga olish uchun taklif qilish, PROlogue V xalqaro kinofestivalining taqdimotini o`tkazish hamda unga xorijlik kinoijodkorlarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Milliy pavilon hukumatimizning O`zbekistonda kinoturizmni rivojlantirishga qaratilgan sa`yi-harakatlariga hissa qo`shish, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 24 iyulida qabul qilgan “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida tashkil qilinmoqda.
“Ipak yo`li” aksionerlik innovasion tijorat banki “Spice Expert” ziravorlar kompaniyasi, WF (Wild&Free) savdo belgisi O`zbekiston milliy pavilonining rasmiy homiy va hamkorlari hisoblanadi.






