Avval xabar berganimizdek, bundan sal avval indoneziyalik mashhur blogerlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi Gen va Xalilintar oilasining Andijon viloyatiga ijodiy safar bilan tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik. Ijodiy guruhning O`zbekistonga tashrif buyurishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda ularning mamlakatimiz turistik imkoniyatlari haqidagi “Ziggi-Zagga” qo`shig`iga ishlangan klipi yanada ommalashdi. Bu ijodiy mahsulot yurtdoshlarimiz tomonidan ham iliq kutib olinmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi rasmiy saytida ma`lum qilingan.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tashabbusi bilan O`zbekistonning eng so`lim, turistik imkoniyati yuqori maskanlaridan biri Andijonga uyushtirilgan ijodiy safari davomida 11 nafar farzandli oila boshlig`i - Gen o`z taassurotlari bilan o`rtoqlashar ekan, 3 kun davomida viloyatning diqqatga sazovor joylari, jumladan, Qutayba ibn muslim ziyoratgohi, Bog`i Bobur dam olish maskani va boshqa joylarni tasvirga olish jarayonida O`zbekiston sayyohlik sohasida ulkan imkoniyatlarga ega mamlakat ekanligi, turizm sohasi yangi ish o`rinlari yaratish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishda muhim o`rin tutishini ta`kidladi. – Har doim ushbu yurtga tashrif buyurganimizda, uning betakror obidalari, mehmondo`st xalqi, tabiati, qadriyatlari, noz-ne`matlari bizni o`ziga tortaveradi, deydi Gen.