14 may kuni 72- xalqaro Kann festivali doirasidagi Marché du Film kinobozorida O`zbekiston milliy pavilonining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston milliy paviloni mana ikki yildirki mamlakatimiz kinoindustriya salohiyatini Kannda rasman namoyish qilmoqda.
Ushbu ko`rgazma va muzokaralar maydonchasi O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Turizmni rivojlantirish qo`mitasi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, O`zbekiston milliy kinokomissiyasi tomonidan O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko`magida tashkil qilindi.
Kinosanoati mutaxassislari va ijodkorlardan tarkib topgan O`zbekiston delegasiyasining vazifasi – mamlakatimizning kinolokasiyalari hamda xorijiy kinoloyihalarni amalga oshirish (koprodakshn) salohiyatini taqdim etishdir. Milliy pavilon faoliyati davomida xorijlik prodyuserlar va xalqaro kinokompaniyalarni O`zbekistonda suratga olish uchun jalb qilish, shuningdek, 2019 yil 26-30 noyabr kunlari Toshkentda bo`lib o`tadigan PROlogue xzlqaro kinofestivaliga dunyoning turli nuqtalaridan qatnashchi va hay`at a`zolarini taklif qilish bo`yicha uchrashuv va muzokaralar o`tkaziladi.
Marché du Film kinobozori bosh tashkilotchisi Arno Menindes O`zbekiston milliy pavilon ochilishida shaxsan ishtirok etdi.
“Yildan yilga kinobozorimiz geografiyasi kengaymoqda va unda O`zbekiston mana ikkinchi yil qatnashayotganidan biz nihoyatda xursandmiz. Ishonamizki, O`zbekistonning go`zal go`shalari suratga olish uchun jozibali lokasiya sifatida jahon kinoijodkorlarida qiziqish uyg`ota oladi.»