Bojxona xodimlari respublikamizga tovar moddiy boyliklarni noqonuniy olib kirish holatlariga o`z vaqtida chek qo`yishmoqda.
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Namangan shahrida tezkor tadbir o`tkazildi.
Tadbir davomida, fuqaro M.B.ning xonadoni belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi. Natijada, ushbu xonadon hovlisida xorijda ishlab chiqarilgan hech qanday bojxona rasmiylashtiruvidan o`tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan qiymati 70 million so`mlik 27 dona televizorlar borligi aniqlandi.
Shundan so`ng, fuqaro A.S.ning yashash xonadoni ko`zdan kechirildi. Ushbu xonadonda xam fuqaro M.B.ga tegishli bo`lgan xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli xujjatlari bo`lmagan 94 million so`mlik 32 dona televizorlar borligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan aniqlangan 164 million so`mlik televizorlar ashyoviy dalillar sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.






