O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo`mondoni va Xitoy Xalq Respublikasi Xalq Qurollangan Milisiyasi Bosh qo`mondoni o`rtasida tuzilgan o`zaro hamkorlik rejasiga asosan “Hamkorlik-2019” aksilterror o`quv-amaliy mashg`ulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Mashg`ulotlarning yakuniy bosqichida Xitoy Xalq Qurollangan Milisiyasi bosh qo`mondoni Van Nin ishtirok etdi...
Milliy gvardiya matbuot xizmati "darakchi.uz"ga xabar qilishicha, Jizzax viloyatida joylashgan “Forish” poligonida bo`lib o`tgan yakuniy aksilterror o`quv-amaliy mashg`ulotlarida har ikki mamlakatning ishtirokchilari jamoat xavfsizligini ta`minlash va terrorchilik ko`rinishlari bilan kurashishga qaratilgan professional tayyorgarlikning yuqori darajasini namoyish qildilar. Harbiy xizmatchilar ko`p qavatli turar joy binosini garovga olgan bir guruh terrorchilarni yo`q qilish va garovdagilarni qutqarish, so`ng terorchilar bazasini yakson qilish operasiyalarini amalga oshirishdi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar zamonaviy qurollardan foydalangan holda dushmanni yo`q qilish mashqlarini, turli holat va sharoitlarda qurollardan mohirona foydalana olish imkoniyatlarini ko`rsatishdi.

Qayd etish joizki, tahdidlarga qarshi kurashish, xavfsizlikni ta`minlash borasida strategik sheriklik va ishonchli hamkorlikka asoslangan bunday keng ko`lamli harbiy o`quv mashg`ulotlarini birgalikda o`tkazish ikki davlat harbiy xizmatchilariga katta tajriba maktabi sifatida xizmat qiladi.
Eslatib o`tamiz, bundan avval AQShning Missisipi shtati gubernatori Fil Brayant hamda ushbu shtat Milliy gvardiyasining general ad`yutanti Djenson Boyls boshchiligidagi delegasiya mamlakatimizga tashrif buyurgan edi.






