AsosiyJamiyat

2013 yilda Rossiya-O`zbekiston tovar ayirboshlash hajmi 7 milliard AQSh dollaridan oshdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 noyabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federasiyasi hukumati raisining o`rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi, deya xabar bermoqda O`zA.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holatidan mamnunligini bildirdi, O`zbekiston Rossiya bilan savdo va investisiyaviy hamkorlikni faol rivojlantirish va diversifikasiya qilish tarafdori ekanini ta`kidladi.
Prezident Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federasiyasi o`rtasida iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning o`n oltinchi majlisi natijalarini yuqori baholadi. 

O`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo`nalishi hisoblanadi. Rossiya O`zbekistonning bu sohalarda muhim sherigidir. 2013 yilda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 7 milliard AQSh dollaridan oshgan. Joriy yilning 9 oyida o`zaro savdo hajmi 4,55 milliard dollarni tashkil etgan.

Muloqot chog`ida bu ko`rsatkichlar mamlakatlarimizning mavjud salohiyati darajasida emasligi qayd etildi.

O`zaro munosabatlarni rivojlantirishda transport va tranzit tashish sohalaridagi hamkorlik ham muhim o`rin tutadi.

O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi hamkorlik 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma hamda 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi shartnoma asosida izchil rivojlanmoqda.

    Boshqa yangiliklar