AsosiyJamiyat

​Andijonda Xotin-qizlar tadbirkorlik Markazi foydalanishga topshirildi

'​Andijonda Xotin-qizlar tadbirkorlik Markazi foydalanishga topshirildi'ning rasmi

Andijon viloyati Andijon shahrida Xotin-qizlar tadbirkorlik Markazi foydalanishga topshirildi. Mazkur Markaz O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga asosan tashkil qilingan.

Markazning ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Tanzila Narbaeva ishtirok etdi.

Markazda barcha sharoitlar yaratilgan bo`lib, unda ayollarning biznes yuritish ko`nikmalari shakllantiriladi, maslahatlar beriladi va amaliy yordam ko`rsatiladi. Shuningdek Markaz uzoq muddat bola parvarishlash ta`tilida bo`lgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni kasblar bo`yicha qayta tayyorlashga ham ko`maklashadi.

Tadbirkorlik bilan shug`ullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan shakllantiriladigan ro`yxat asosida maxsus o`qitish dasturi bo`yicha o`qitiladi. Maxsus dasturlarni muvaffaqiyatli o`zlashtirganlarga tuman (shahar) xotin-qizlar qo`mitasi tavsiyasiga ko`ra, tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yish uchun imtiyozli kredit beriladi.

Buning uchun Xotin-qizlarni va oilani qo`llab-quvvatlash jamoat fondi banklarga har yili 100 milliard so`m ajratadi, uning kamida yarmi qishloq joylardagi xotin-qizlarning biznesini rivojlantirishga yo`naltiriladi.

Tadbirda Andijon shahridagi mahalla fuqarolar yig`inlarida ish olib borayotgan Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-ahloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari bo`yicha mutaxassislarga faoliyatida foydalanish uchun planshetlar topshirildi.

Tadbir ochilishida Andijon shahridagi hunarmandlar mahsulotlarining ko`rgazmalari tashkil etildi.

    Boshqa yangiliklar