Avval xabar berganimizdek, Xalqaro press-klub sessiyada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni mazmun-mohiyati muhokama qilinmoqda.
Unda Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromovning ta`kidlashicha, endilikda tashkil etiladigan O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonalarida Savdo sanoat-palatasidan ham vakil bo`ladi.
Sessiyada tadbirkorlarga er ajratish bo`yicha muammolar ham ko`tarildi.
– Er ajratishda byurokratik to`siqlar bor. Viloyatlarda hokimliklar erni auksionga chiqarmayapti. Hujjatlar stol ustida qolib ketayapti. Hokimiyatning er ajratish bo`yicha vakolatini qisqartirish kerak. Shu sababli Er kodeksiga o`zgartirishlar kiritilmoqda, – deydi adliya vaziri Ruslanbek Davletov.






