Tergov davomida Sirg`ali tumanida yashovchi yigit bir yildan beri uyining orqasida yovvoyi holda o`suvchi nasha o`simligining barglaridan giyohvand modda tayyorlab, o`zi iste`mol qilishi va cho`ntagidagi giyohvand moddasini o`z tanishiga qachonlardir bergan yordami uchun “sovg`a” tariqasida olib kelganini ma`lum qildi, deb yozmoqda uz24.uz "Inson va huquq" gazetasiga tayangan holda.
Xabar berilishicha, dastlab Milliy xavfsizlik xizmati va IIB hamkorligida Sirg`ali tumanida o`tkazilgan maxsus tadbir davomida “Qibray” kafesi yonida atrofga olazarak qarab turgan yigit shubha uyg`otgan. Xolis guvohlar ishtirokida tekshirib ko`rilganda, uning yonidan ko`p miqdorda “Marixuana” atalmish giyohvand modda topilgan. Tergov mobaynida esa uning ushbu giyohvand moddani iste`mol qilishi va boshqalarga ham “sahiylik” qilib ulashib yurishi aniqlandi.
Shuningdek, yigitning 19 yoshida og`ir jinoyatga qo`l urib, sud hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani, ma`lum muddatdan so`ng uning yoshligi hisobga olinib, amnistiya akti bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingani oshkor bo`ldi.
Sud unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq uzoq muddatli jinoiy jazo va giyohvandlikdan majburiy davolash chorasi tayinladi.