AsosiyJamiyat

O`zbekiston uchun xalqaro reyting va indekslarining ahamiyati nimada?

'O`zbekiston uchun xalqaro reyting va indekslarining ahamiyati nimada?'ning rasmi

Toshkentda “O`zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar uchun xalqaro reyting indekslarining ahamiyati” mavzusida birinchi xalqaro forum bo`lib o`tdi. Unda xorijiy davlatlar hukumati vakillari, xalqaro moliya tashkilotlari, reyting agentliklari, xalqaro investisiya banklari, sug`urta kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O`zbekiston bosh vaziri o`rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo`chqorov forumda xalqaro reytinglar mamlakatda olib borilayotgan islohotlarda muhim ahamiyat kasb etishini, O`zbekistonning dolzarb reyting va indekslarda o`rnini yaxshilash zarurligini ta`kidlab o`tdi.

Tan olish kerak, O`zbekiston bir qator muhim xalqaro reyting va indekslarda keyingi o`rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, Jahon Bankining yillik “Biznes qilish” reytingida O`zbekiston 74-o`rinda qayd etilgan. Korrupsiya bo`yicha har yili tuziladigan Xalqaro Transparensi indeksida 2018 yilda 180 davlat ichidan 158-o`rinni egallagan. Shuningdek, siyosiy va diniy erkinliklar, hamda matbuot erkinligi va qonun ustuvorligini baholaydigan Freedom House tashkilotining oxirgi reytingida O`zbekiston “Erkin emas” deya ta`rif berilgan davlatlar qatoriga kiritilgan.

Jahon bankining O`zbekistondagi doimiy vakili Xideki Morining ta`kidlashicha reytinglarning fikrlash ozuqasi – bu raqamlar. Turli xalqaro reyting agentliklarining baholash uslubi turlicha. Ammo shu o`rinda aytish lozimki, barcha reyting agentliklarining xulosalari ham aniq emas. Uning ta`kidlashicha jahonda sanoqli xalqaro reyting agentliklari to`g`ri reyting yuritadi. Bular Garvard, Moody’s, Fitch va Standard & Poor’s kabi agentliklardir.

Mening reytingimda O`zbekiston birinchi o`rinda! – dedi Xideki Mori. – Bu reyting men sevgan mamlakatlar reytingidir. Mamlakatni 2030 yilgacha innovasion rivojlantirishning maqsadli ko`rsatkichlari tasdiqlangan, bu yo`nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda. Jahon banki iqtisodiy rivojlantirishga hissa qo`shadigan qator loyihalarni amalga oshirishda o`zbekistonlik tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlab kelmoqda. Bundan keyin ham o`z yordamini ayamaydi.

Xalqaro reyting agentliklari o`z tahlillarida 2016 yilda hokimiyatga Shavkat Mirziyoev kelishi bilan kelgusida iqtisodiyotning o`sishini ta`minlash uchun qator iqtisodiy va institusional islohotlar boshlanganini qayd etmoqda. Bo`lib o`tgan forumda so`z olgan xalqaro agentliklar vakillari ham O`zbekiston keyingi 3 yil ichida turli yo`nalishlarda reyting pog`onalaridan ko`tarila boshlaganini aytib o`tishdi.

Darhaqiqat xalqaro reytinglarda e`tiborli ko`rsatkichlarimiz ham yo`q emas. Masalan 2018 yil yakunlariga ko`ra Fitch va Standard & Poor’s xalqaro reyting agentliklari suveren kredit reytingida ilk bor O`zbekistonga barqaror prognozli «BB-» reyting darajasini berdi.

Shu o`rinda agentliklar o`z xuloasalarida reytingni oshirish omillarini ham keltirib o`tadi. S&P masalan iqtisodiyotning dollarlashtirish darajasini kamaytirish hisobiga pul-kredit siyosati samaradorligi oshirilsa, mamlakat suveren reytingini ham oshirishi mumkinligini qayd etadi. Shuningdek, hukumat daromad bazasining yoki eksport tuzilmalarining yanada diversifikasiya qilinishi ham reytingga ijobiy ta`sir ko`rsatishi mumkin deydi.

Prezidentimizning 2019 yil 7 martdagi “Xalqaro reyting va indekslarda O`zbekiston Respublikasining o`rnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni tizimlashtirish to`g`risida”gi PF–5687-sonli farmoni ayni maqsadlarni ko`zlaydi.Farmonga muvofiq hozirda O`zbekistonda turli sohalarida jahon hamjamiyatida reyting va indeks ko`rsatkichlarini ko`tarishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Negaki mamlakat iqtisodiyotining rivoji, xorijiy etakchi biznes korchalonlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko`tarish hamda investorlar e`tiborini jalb etish, ularning ishonchini kafolatlash uchun solishtirma reytinglarning yuqori bo`lishi muhim ahamiyatga ega. Iqtisodiy va siyosiy-huquqiy xalqaro reyting va indekslarda O`zbekistonning o`rnini yaxshilash xalqaro maydonda mamlakatimiz mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Xalqaro forumning ikkinchi qismida mahalliy vazirlik hamda idoralarning reyting va indekslar bilan ishlash uchun mas`ul xodimlari, tijorat banklari, sug`urta kompaniyalari, xususiy sektor vakillari ishtirokida xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan o`quv-seminarlari o`tkazildi. Shuningdek O`zbekistonning xalqaro indekslarda progressini ta`minlash, biznesni yuritishdagi islohotlar orqali investision muhitni yaxshilash bo`yicha taklif va mulohazalar havola etildi.

Ekspertlar aytib o`tganidek bizga xalqaro reyting va indekslarning o`zi emas, ular bilan bog`liq islohotlar muhim. Xalqaro fikr bizning islohotlarimiz samarasaini real belgilab beradi.

Manzura BEKJONOVA

    Boshqa yangiliklar