AsosiyShou-biznes

Eng munosib operachilar taqdirlandi

Poytaxtimizdagi «Turkiston» saroyida «Competizione dell'Opera» opera ijrochilarining XIV xalqaro tanlovi g`olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi, deya xabar bermoqda O`zA.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri direktori B.Yoqubov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida musiqa san`atini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirishga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. O`zbekistonlik opera ijrochilari jahon sahnalarida o`z iste`dodini keng namoyish etib, nufuzli xalqaro tanlov va festivallar, jumladan, «Competizione dell'Opera» tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
Ushbu ijodiy bellashuv tashkil etilganidan buyon opera ijrochilarining yirik xalqaro tanlovlaridan biriga aylandi, opera san`atida nafaqat yangi nomlarni kashf etish, balki xalqlar o`rtasida do`stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ushbu tanlov ko`plab yosh ijrochilar uchun musiqa olamining yuksak cho`qqilari sari yo`l ochib, jahonning eng nufuzli opera sahnalarida iste`dodini namoyish etish imkonini bermoqda. Ishtirokchilarni tanlash tizimi ham o`ziga xos bo`lib, tanlov tashkilotchilari yil davomida butun dunyo bo`ylab ijodiy bellashuvda ishtirok etish istagini bildirgan da`vogarlarni tinglab ko`rish bo`yicha saralash bosqichlarini o`tkazadi.
Mamlakatimizda bu tanlov O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Avstriyadagi «Competizione dell'Opera» xalqaro tanlovi assosiasiyasi, «O`zbekteatr» ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri bilan hamkorlikda tashkil etildi.
«Competizione dell'Opera»ning poytaxtimizda o`tkazilishi mamlakatimiz madaniy hayotida yorqin voqea bo`ldi. Tanlov o`zbekistonlik muxlislarga Italiya opera san`ati, mamlakatimiz va butun dunyodan kelgan yosh iste`dod egalari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. O`zbekiston, Avstriya, Germaniya, Vengriya, Yaponiya, Belarus, Polsha, Rossiya, Slovakiya, Turkiya, Qozog`iston, Janubiy Afrika Respublikasi va boshqa davlatlardan 60 dan ziyod ishtirokchi bir necha kun davomida eng yaxshi opera asarlarini italyan tilida ijro etdi. Ularning chiqishlari nufuzli xalqaro hay`at tomonidan baholandi.
Ishtirokchilarning opera asarlarini ijro etish va tomoshabinga etkazib berish mahorati hamda boshqa ijodiy xislatlari baholangan tanlov natijalariga ko`ra, 20 xonanda finalga yo`l oldi. Ularning besh nafari mamlakatimizning iqtidorli yoshlari ekani biz uchun, ayniqsa, quvonarlidir. Bular O`zbekiston davlat konservatoriyasi bitiruvchisi G`ulom Nazirov, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri xonandalari Rustam Alimardonov, Jabroil Idrisov, Barno Ismatullaeva, ushbu teatr stajyori Damir Rahmonovdir.
Tanlovning final bosqichi qizg`in kechdi va g`oliblar xalqaro hay`at a`zolarining yashirin ovoz berish yo`li bilan aniqlandi.
«Competizione dell'Opera» tanlovi yakunlariga ko`ra, birinchi o`rinni o`zbekistonlik Barno Ismatullaeva egalladi. Ikkinchi o`ringa Belarus opera ijrochisi Pavel Pyatro sazovor bo`ldi. Uchinchi o`ringa rossiyalik Mariya Bayankina va O`zbekistonning yana bir vakili Jabroil Idrisov munosib ko`rildi.
«O`zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 29 noyabr kuni tanlov g`oliblari ishtirokida gala-konsert bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar