AsosiyJamiyat

​Alisher Shodmonov Jahon sog`liqni saqlash assambleyasining vise-prezidenti etib saylandi

'​Alisher Shodmonov Jahon sog`liqni saqlash assambleyasining vise-prezidenti etib saylandi'ning rasmi

20 may kuni Jenevada Jahon sog`liqni saqlash assambleyasi (JSSA)ning 72-sessiyasi o`z ishini boshladi, deya xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O`zbekistonning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi ma`lumotiga ko`ra, JSSAning Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) Evropa mintaqasi bo`yicha vise-prezidenti etib O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov saylangan.

"Bu O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan sog`liqni saqlash tizimini yaxshilash, sog`lom avlodni tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni shakllantirish va profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga yo`naltirilgan keng qamrovli islohotlarning JSST tomonidan e`tirof etilishidan dalolat beradi", - deyiladi manbada.

Jahon sog`liqni saqlash assambleyasi - JSSTning oliy organi bo`lib, uning faoliyatida tashkilotga a`zo barcha davlatlar delegasiyalari ishtirok etadi. Uning asosiy funksiyalariga JSST faoliyati yo`nalishlarini belgilash, tashkilot bosh direktorini tanlash, byudjetni tasdiqlash va nazorat qilish kiradi. Assambleya raisi va uning 5 nafar o`rinbosari JSSTning har bir hududidan bittadan saylanadi va JSSA yalpi sessiyalarida navbatma-navbat raislik qiladi.

JSSAning hozirgi sessiyasida dunyoning 190 dan ziyod mamlakatidan 3 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda. 150 nafarga yaqin sog`liqni saqlash vaziri, etakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporasiyalar, xalqaro jamg`armalar va ilmiy doiralar shular jumlasidandir.

"Ta`kidlash joizki, O`zbekistonning sog`liqni saqlash sohasidagi yutuqlari JSSA tadbiri ochilish marosimida JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning chiqishida ham o`z aksini topdi. U, xususan, O`zbekiston dunyoning oz sonli mamlakatlari qatorida o`z hududida bezgakni to`liq yo`q qilishga erishganini ta`kidladi", - deyiladi TIV xabarida.

Tadbir doirasida O`zbekiston delegasiyasi rahbarining yalpi sessiyada chiqishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, JSST rahbariyati hamda xorijiy davlatlar delegasiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazilishi va sog`liqni saqlash tizimidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga doir ustuvor masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Jahon sog`liqni saqlash assambleyasi sessiyasi 28 mayga qadar davom etadi.

    Boshqa yangiliklar