1

Mehnatga haq to`lash, pensiyalar va boshqa to`lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to`g`risida

Jamiyat 21.05.2019, 21:34
Mehnatga haq to`lash, pensiyalar va boshqa to`lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to`g`risida

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mehnatga haq to`lash miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish hamda mehnatga haq to`lash, pensiyalar tayinlash hamda soliqlar, davlat bojlari, jarimalar, yig`imlar va boshqa to`lovlarni undirish o`rtasidagi shartlarning bog`liqligini bartaraf etish maqsadida:

1. 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o`rniga:

577 170 so`m miqdorida mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori;

202 730 so`m miqdorida bazaviy hisoblash miqdori;

202 730 so`m miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etilsin.

2. Belgilab qo`yilsinki:

a) mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori:

1,0 tarif koeffisienti bo`yicha Mehnatga haq to`lashning yagona tarif setkasi birinchi razryadi bo`yicha oylik tarif stavkasining puldagi ifodasi hisoblanadi;

mehnat munosabatlari sohasida lavozim maoshi, ustamalar, qo`shimcha haq, gonorar, qo`shimcha ish uchun kompensasiya to`lovlari va rag`batlantiruvchi tusdagi to`lovlarning boshqa turlari, shuningdek, qonunchilikda belgilangan ushlanmalar, ilgari eng kam ish haqiga nisbatan belgilab qo`yilgan boshqa to`lovlar miqdorini aniqlashda hamda oilalarning ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga muhtojligi va ishsizlik bo`yicha nafaqalar miqdorini aniqlashda qo`llaniladi;

belgilangan mehnat normalarini to`liq bajargan xodimlar mehnatiga haq to`lashning quyi chegarasi sifatida tashkiliy-huquqiy shakli va mehnat munosabatlaridan qat`i nazar barcha ish beruvchilar uchun majburiy hisoblanadi;

b) bazaviy hisoblash miqdori:

soliqlar, yig`imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko`rsatilayotgan davlat xizmatlari uchun boshqa to`lovlarning miqdorlarini;

tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug`ullanish uchun patent, lisenziya va boshqa to`lovlarning qiymati, tashkilotlarning ustav va boshqa fondlari (kapitali) miqdori, pulsiz shaklda to`lanadigan aksiyalar, boshqa qimmatli qog`ozlarning qiymati, yuridik shaxslar aktivlarining balans qiymati, mikrokreditlar va lizing, shuningdek, boshqa moliyaviy-iqtisodiy ko`rsatkichlarning cheklangan miqdorini aniqlashda qo`llaniladi;

v) pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori pensiya ta`minoti sohasida pensiyalar, ustamalar, qo`shimcha haq va kompensasiya to`lovlari, shuningdek, xodimlarning mehnatda mayib bo`lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki ular o`zlari mehnat vazifalarini bajarish bilan bog`liq holda sog`lig`ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli etkazilgan zararni qoplashda qo`llaniladi.

3. Belgilansinki:

eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan ustamalar, qo`shimcha haq, mukofotlar hamda boshqa kompensasiya va rag`batlantiruvchi tusdagi to`lovlarning barcha turlari mazkur to`lovlarning so`mda ifodalangan amaldagi miqdorlarini saqlab qolgan holda qayta hisob-kitob qilinadi (zarur hollarda ko`p tomonga yaxlitlanadi);

qonun hujjatlarida mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan mehnatga haq to`lash, pensiyalar va boshqa to`lovlar miqdorlarini aniqlashning boshqa tartibi o`rnatilishi mumkin.

4. O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Mehnatga haq to`lashning yagona tarif setkasini qayta ko`rib chiqish hamda nafaqalar, kompensasiyalar va to`lovlarning alohida turlari miqdorlarini mutlaq summada belgilash bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda Mehnatga haq to`lashning yagona tarif setkasini qo`llash hamda tashkilotlarda mehnatga soatbay haq to`lash tizimini belgilash bo`yicha metodik tavsiyalarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik

va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Vazirlik va idoralar uch oy muddatda o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari J.A.Qo`chqorov zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 21 may

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1