1

​​Toshkentda o`quv-simulyasiya markazi ish boshladi

Jamiyat 22.05.2019, 06:49
​​Toshkentda o`quv-simulyasiya markazi ish boshladi

Ushbu markaz Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va «GE Healthcare» kompaniyasi hamkorligida foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori Habibulla Akilov va boshqalar mamlakatimizda sog`liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar o`zining amaliy natijasini berayotganini qayd etdi.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va «GE Healthcare» kompaniyasi hamkorligida foydalanishga topshirilgan ushbu markaz mamlakatimizda malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash va uzluksiz samarali ta`lim tizimini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan muhim. Shu bilan birga, uning faoliyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni ijrosi doirasida davom ettirilayotgan ezgu ishlarning mantiqiy davomidir.

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, keyingi yillarda yurtimizda poliklinikalar soni 2 barobarga, tibbiyot mutaxassislari soni esa 12 foizga oshgan. Ushbu jarayon mamlakatimizda shifokorlik tajribasining ta`lim va ilmiy faoliyat bilan jadal integrasiyalashuviga bo`lgan talabning oshib borayotgani bilan bog`liqdir. Yangi ochilgan o`quv-simulyasiya markazi aynan tibbiyotning ilg`or yutuqlarini davolash va tashxis jarayonlariga qo`llashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Bugungi kunda yurtimizda tibbiy oliy ta`limdan keyingi ta`lim tizimiga juda katta e`tibor qaratilmoqda, – dedi ushbu institut professori Akram Fozilov. – Bu o`quv-simulyasiya markazi soha mutaxassislarining amaliy ko`nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishda muhim o`rin egallaydi. Unda tinglovchilar olgan nazariy bilimlarini zamonaviy ultratovushli uskunalarda amalda sinab, o`z bilimini mustahkamlaydi. Birinchi navbatda bu ayollar sog`lig`i va prenatal tashxis bilan shug`ullanuvchi shifokorlarga taalluqlidir. Ta`kidlash kerakki, «GE Healthcare» kompaniyasi O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimini modernizasiya qilish loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Prenatal tibbiy xizmatni rivojlantirish davlat dasturi doirasida mamlakatimizdagi 200 ta ko`p tarmoqli poliklinika «GE Healthcare» kompaniyasining so`nggi ultratovush tashxis qo`yish skanerlari bilan ta`minlandi.

– Biz o`zbekistonlik shifokorlar bilan ko`p yillardan buyon hamkorlik qilib kelamiz, – dedi tibbiyot fanlari doktori, professor Vladimir Mitkov (Rossiya). – Bugun yangi markaz ochilishida ishtirok etayotganimdan xursandman. Qaysidir ma`noda o`zbekistonlik hamkasblarimga havasim kelayapti. Chunki bu markazning ishga tushirilishi mutaxacsislarning eng ilg`or ultratovushli tashxis uskunalari bo`yicha xavfsiz va samarali ishlash ko`nikmalarini shakllantirishda katta ko`makdir. Qolaversa, uning faoliyati ikki davlat o`rtasida aynan shu yo`nalishda aloqalarimizni yanada mustahkamlaydi.

Markazda tinglovchilarga mahalliy va xorijlik mutaxassislar akusherlik, ginekologiya, kardiologiya va umumiy vizuallashtirish yo`nalishlari bo`yicha ta`lim beriladi. Bu erda «GE Healthcare» kompaniyasining zamonaviy ultratovushli tibbiy tashxis Voluson P6 uskunasi, interaktiv anatomik atlas va ultratovushli fetal fantom o`rnatilgan bo`lib, shifokorlar nazariy bilim olish bilan bir qatorda yuqori texnologik uskunalarda tadqiqotlar o`tkazishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1