Shu kunlarda Jenevada Jahon sog`liqni saqlash assambleyasi (JSSA)ning 72-sessiyasi bo`lib o`tmoqda. Unda dunyodagi 190 dan ortiq mamlakat vakillari, jumladan, 150 ga yaqin sog`liqni saqlash vazirlari, shuningdek, etakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporasiyalar, nufuzli xalqaro jamg`armalar va akademiyalar vakillaridan iborat uch mingga yaqin delegatlar ishtirok etmoqda. Jumladan, unda O`zbekiston delegasiyasi ham qatnashmoqda.

E`tiborli jihati, avval xabar qilinganidek, ushbu sessiya doirasida mamlakatimiz sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov JSSAning Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) Evropa mintaqasi bo`yicha vise-prezidenti etib saylandi.
Qayd etish joizki, Jahon sog`liqni saqlash assambleyasi Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning oliy organi bo`lib, unda barcha a`zo davlatlarning delegasiyalari ishtirok etadi. Uning asosiy vazifalari JSST faoliyatining muhim yo`nalishlarini aniqlash, tashkilotning bosh direktorini tanlash, byudjetni tasdiqlash va nazorat qilishdan iborat.

Sessiya doirasida O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov so`zga chiqib, yurtimizda sog`liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil to`xtalib o`tdi. Qayd etilganidek, fuqarolarni sifatli tibbiy xizmat bilan to`liq qamrab olish masalasiga davlat siyosati darajasida e`tibor qaratilib, so`nggi uch yil davomida tibbiyot sohasida 150 dan ortiq huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu ham bo`lsa soha rivoji O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning shaxsan e`tiborida ekanidan dalolatdir. Jumladan, aholiga birlamchi tibbiy yordam, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko`rsatish tizimini takomillashtirish bo`yicha qator qarorlar qabul qilindi.
O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri, shuningdek, transplantologiya, kardiojarrohlik, immunoprofilaktika, xususiy tibbiyot sektorini rivojlantirish, psixiatriya, ftiziatriya va endokrinologik yordamni takomillashtirish, sog`lom turmush tarzi va jismoniy faolllikni qo`llab-quvvatlash borasida erishilgan natijalar haqida ham ma`lumot berdi. Mamlakatimiz tibbiyot tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan 2019 — 2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi yig`ilish ishtirokchilarida, ayniqsa, katta qiziqish uyg`otdi.
Eslatib o`tamiz, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus JSSA sessiyasi ochilish marosimidagi chiqishida mamlakatimizda sog`liqni saqlash sohasida erishgan yutuqlarni e`tirof etib, dunyoning oz sonli mamlakatlari qatorida O`zbekiston o`z hududida bezgakni to`liq yo`q qilishga erishganini alohida ta`kidlagan edi.
Sessiya shu yilning 28 mayigacha davom etadi.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






