AsosiyJamiyat

​BLOOMBERG O`zbekiston neft-gaz sohasi islohotlari haqida

'​BLOOMBERG O`zbekiston neft-gaz sohasi islohotlari haqida'ning rasmi

BLOOMBERG nashrida O`zbekistonning neft va gaz sohasidagi islohotlariga bag`ishlangan maqola chop etildi. Material kompaniya raisi Bahodirjon Sidiqov bilan bo`lgan suhbat asosida tayyorlangan. Bu haqda Energetika vazirligining rasmiy telegram kanalida xabar qilingan.

Maqola muallifi Zulfugar Agaev ta`kidlaganidek, "O`zbekneftgaz" MXKni qayta tashkil etishdan maqsad neft-gaz sohasi samaradorligini, uning shafofligini oshirish va xorijiy kapitalni jalb qilishdir.

Bloomberg jurnalisti neft va gaz sohasidagi bunday yirik islohotlar jarayonini O`zbekistonda bir necha o`n yillar davom etgan o`zini-o`zi ihotalash jarayoni yakunlanganiga bog`laydi. Shuningdek, O`zbekiston Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko`p mamlakat ekanligi, sobiq Ittifoq respublikalari orasida tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi uchta yirik davlatdan biri kabi zalvorli omillar ham ta`kidlangan.

"Hukumat qo`shimcha xorijiy sarmoyalarni jalb qilish bo`yicha sa`y-harakatlarni kuchaytirdi, chunki 2025 yilga qadar gaz qazib olish hajmini 17 foizga oshirish maqsad qilib qo`yilgan", deya ta`kidlanadi "O`zbekistonda davlat gaz ishlab chiqaruvchisi bo`linadi" deb nomlangan maqolada.

"O`zbekneftgaz" AJ joriy yil oxirigacha uchta alohida kompaniyaga bo`linadi. Ulardan biri gaz va neft ishlab chiqaradi, neftni qayta ishlash zavodlarini boshqaradi, ikkinchisi neft quvurlarini boshqaradi, uchinchisi esa gazni taqsimlashni nazorat qiladi", deb xabar bergan Bloomberg kompaniya boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqovning so`zlariga tayanib.

Nashr shuningdek, O`zbekistonda xorijiy valyutani liberallashtirish va iqtisodiy ma`lumotlarning oshkoraligini ta`minlash kabi iqtisodiy islohotlarning muhim qadamlari amalga oshirilganini qayd etgan. Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoevning ushbu qarorlari Xalqaro valyuta jamg`armasi tomonidan yuksak baholandi.

Maqolada B.Sidiqovning gaz taqsimlash tizimida davlat-xususiy hamkorligini joriy etish rejasi haqidagi gaplari ham keltirilib, kelgusi olti yil mobaynida ushbu loyihalar uchun 30 milliarddan ortiq to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etish ko`zda tutilgani bayon etilgan.

Qayd etilishicha, "O`zbekneftgaz" AJ 2019 yilning birinchi to`rt oyi davomida 1,2 mlrd. AQSh dollar miqdorida to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni (TXI) jalb etgan, bu esa dastlab rejalashtirilgan 550 mln. AQSh dollaridan ikki baravar ko`p, deganidir.

Neft va gaz sohasining yanada ochiq bo`lishini, xususan, “O`zbekneftgaz” AJning "Credit Suisse Group AG" va boshqa kompaniyalar bilan taxminan kelgusi yilda 1 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi evrobondlarni sotishni tashkil etish bo`yicha muzokaralar olib borayotgani ham tasdiqlaydi, deb yozadi nashr kompaniya boshqaruvi raisining so`zlaridan iqtibos keltirib. Ta`kidlanishicha, shu yilning fevral oyida 1 milliard dollarlik evrobondlar allaqachon sotilgan.

"Bu yil "O`zbekneftgaz" AJ 43 milliard kubometr gaz qazib olishni rejalashtirmoqda. Umuman olganda, mamlakat gaz qazib olishni 2018 yildagi 60 milliarddan 63,6 milliard kub metrgacha, 2025 yilga borib esa 70 milliard kub metrga etkazishni mo`ljallamoqda", deyiladi maqolada. "Lukoyl" YoAJ, "Gazprom" AJ, Xitoy Milliy neft-gaz korporasiyasi kabi sohaning dunyoda etakchi bo`lgan kompaniyalari bilan faol hamkorlik qilinmoqda. Hukumat topshirig`iga ko`ra, VR PLc va Total SA kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilyapti.

Nashrning qayd etishicha, bugungi kunda mamlakatda gazga bo`lgan ichki ehtiyoj 40 milliard kubometrni tashkil etadi. O`zbekiston gazni Rossiya, Qozog`iston, Tojikiston va Qirg`izistonga eksport qiladi. O`tgan yili Xitoyga uchta quvur orqali gaz etkazib berish hajmi 9 milliard kubometrga etdi va to`rtinchi liniyani ishga tushirish orqali bu hajmni oshirish rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar