O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Kasb-hunar ta`limi markazining “Umumiy o`rta ta`lim maktablarining 10-11-sinf o`quvchilariga o`quv-ishlab chiqarish majmualarida beriladigan kasblar bo`yicha malaka talablariga qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qaroriga asosan zamonaviy yangi kasblar bo`yicha bilim berish yo`lga qo`yilmoqda. Mazkur kasblarning malaka talablari tayyorlanib umumxalq muhokamasiga qo`yildi.
Bugungi kunda o`quv-ishlab chiqarish majmualarida 51 ta kasb-hunar o`rgatilib kelinmoqda. 2019-2020 o`quv yilidan boshlab o`quvchilarning qiziqishlarini inobatga olgan holda yangi kasblarni o`rgatish moddiy-texnika bazasiga va pedagogik kadrlar salohiyatiga ega bo`lgan o`quv-ishlab chiqarish majmualarida tashkil etilishi ko`zda tutilmoqda.
Yangi kasblar 10-11–sinf o`quvchilariga rivojlanib borayotgan mehnat bozorida o`z o`rnini topishiga ko`mak beradi. Jumladan, mazkur qo`shimchalar bilan o`quvchilarga animator, alyumin va plastik profilli rom yasovchi usta, grafik dizayner, veb-dizayner, landshaft dizayneri, mozaikachi, muzlatgich tuzatuvchi, reklama stendi ustasi kabi yangi 26 ta kasb turlarini o`rgatish nazarda tutilgan.
Ushbu kasblar ro`yxati Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, yirik ish beruvchi korxona va tashkilotlarning takliflari asosida mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan.






