AsosiyJamiyat

Sayyohlar o`zbek milliy taomlarini tayyorlashni o`rganmoqda

'Sayyohlar o`zbek milliy taomlarini tayyorlashni o`rganmoqda'ning rasmi

Toshkent shahar hokimligi va Toshkent shahar turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan gastronomik turizmni keng targ`ib qilish maqsadida polshalik 52 nafar sayyoh uchun o`zbek milliy taomlarini tayyorlash bo`yicha mahorat darsi tashkil etildi.

O`zbekistonga kelgan turistlarni yurtimizning quyoshli kunlari, go`zal tabiati, tarixiy maskanlari, muqaddas qadamjolari, zamonaviy va milliy arxitektura obidalari, shuningdek, mehmondo`st xalqimiz va takrorlanmas ta`mga ega taomlarimiz maftun etadi.


O`zbekistonning turli manzilgohlarida bo`lgan sayyohlar albatta buni fotolarga muhrlashadi, turli hududlarga xos esdalik sovg`alarini xarid qilishadi va ko`p hollarda milliy taomlarimizni o`rganish niyatlari borligini ma`lum qilishadi.
Gastronomik turizm ayni shunday sayyohlar uchun mo`ljallangan xizmat turidir. “Bog`i eram” dam olish maskanining Master-klass markazida o`tkazilgan mahorat darsida polshalik turistlar o`zbek milliy taomlaridan osh, sho`rva, somsa va turli salatlarni maromiga etkazib tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etishdi. Tadbir davomida mehmonlar o`zbek taomnomasi haqida to`liq ma`lumot olishdi hamda masalliqlarni tanlash, tayyorlash, umuman pazandalik san`ati bo`yicha etarli bilim va ko`nikmaga ega bo`lishdi.

Shuningdek, tadbirda Toshkent shahar turizmni rivojlantirish departamenti mutaxassislari polshalik sayyohlar bilan gastronomik turizmni yanada rivojlantirish borasida fikr almashishdi.
Mehmonlar uchun uyushtirilgan mahorat saboqlari va taqdim etilgan sovg`alar ularga hamisha O`zbekistonni eslatib turish bilan birga sayyohlarni yana va yana yurtimizga, Toshkentga chorlab turadi.



    Boshqa yangiliklar