Prezidentimiz Islom Karimovning 2014 yil 22 avgustdagi farmoniga muvofiq Termiz shahri Amir Temur ordeni bilan mukofotlangan edi. 28 noyabr kuni Termiz shahrida ushbu yuksak mukofotni topshirishga bag`ishlangan tantanali marosim bo`ldi, deya xabar bermoqda O`zA.
Marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so`zladi.
Davlatimiz rahbari Termiz shahrining shonli tarixi, istiqlol yillaridagi taraqqiyoti, mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayotida tutgan o`rni, Surxondaryo viloyati mehnatkashlari qo`lga kiritayotgan ulkan yutuqlar haqida to`xtaldi.
Bu zamin xalqining yuksak madaniyati, hunarmandlik rivoji va savdo aloqalari Jayxun bo`yida qadim Termiz shahrini vujudga keltirgan. Buyuk ipak yo`li markazida joylashgan shahar turli madaniyat va xalqlarni o`zaro bog`lovchi muhim qo`rg`on bo`lgan.
Istiqlol tufayli Termiz shahrining shonu shavkati tiklandi, ulkan ma`naviy va iqtisodiy salohiyati yuzaga chiqdi.
Yurtboshimiz rahnamoligida ma`naviyatimizni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar samarasida milliy qadriyat va an`analarimiz, buyuk ajdodlarimizning nomi qayta tiklandi, ular mangu qo`nim topgan muqaddas qadamjolar obodonlashtirildi. Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Sulton Saodat, Kokildor ota yodgorlik majmualari ta`mirlandi.
Yangi bunyod etilgan temir yo`l bekati, Tadbirkorlar markazi binosi, Arxeologiya muzeyi, amfiteatr Termiz shahrining chiroyiga chiroy qo`shdi. Zamonaviy “Baxt uyi” majmuasi, Termiz davlat universitetining muhtasham binosi, 10 ming tomoshabinga mo`ljallangan stadion, “Delfin” suzish havzasi, tibbiyot va madaniyat maskanlari, turar-joylar viloyat markazi qiyofasini butunlay o`zgartirib yubordi.
Bugungi kunda ham Termiz shahrida zamonaviy korxonalar, kommunikasiya tarmoqlari, infratuzilma ob`ektlari, yangi maktablar, lisey va kollejlar, sport majmualari bunyod etilib, shahar yanada go`zal va obod bo`lib bormoqda. Keyingi yillarda foydalanishga topshirilgan yirik sanoat korxonalari, ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish inshootlari viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qo`shmoqda.
Bu yil Surxondaryo ahli uchun yana bir unutilmas yil bo`ldi. Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga muvofiq mustaqillik yillarida shahar ahlining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, millatlararo do`stlik va hamjihatlik munosabatlarini rivojlantirishga qo`shgan munosib hissasi, xalqimizning tarixiy va ma`naviy merosini asrab-avaylash, yoshlarimizni ulug` ajdodlarimizga xos ezgu qadriyatlar, mardlik va jasorat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi katta xizmatlari uchun hamda O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 23 yilligi munosabati bilan Termiz shahri Amir Temur ordeni bilan mukofotlandi.
Termiz shahri Vatanimizning bu yuksak mukofoti bilan taqdirlanishida chuqur ramziy ma`no bor. Termiz barcha zamonlarda yov qarshisida metin qo`rg`on vazifasini o`tab kelgan. Bu zaminda mard va tanti, Vatani uchun jonini ham fido etishga tayyor oriyatli xalq yashaydi.
Prezidentimiz Islom Karimov ushbu yuksak mukofot – Amir Temur ordenini topshirdi.
Marosimda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo`limi raisining o`rinbosari Orziqul Soatov, Termiz shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktori Shohida Oripova, kurash bo`yicha jahon chempioni Toshtemir Muhammadiev, O`zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid so`zga chiqib, Termiz shahrini Vatanimizning yuksak ordeni bilan mukofotlagani, Surxondaryo viloyati rivojiga qaratayotgan e`tibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
29.11.2014 15:39