AsosiyJamiyat

Prezident Islom Karimovning Termiz shahriga Amir Temur ordenini topshirishga bag`ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli do`stlar!
Avvalo, bugun siz, aziz Surxon vohasi vakillari bilan diydor ko`rishib, barchangizni sog`-salomat, bardam-baquvvat ko`rib turganimdan xursand bo`lganimni bildirib, sizlarga, sizlar orqali butun viloyat ahliga o`zimning chuqur hurmat va ehtiromim, ezgu tilaklarimni izhor etishga ruxsat bergaysiz.

Sizlar bilan qachon uchrashmaylik, Surxondaryoning bugungi hayoti, aholining hol-ahvoli, kayfiyati, erishilgan yutuqlar bilan birga, yo`l qo`yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish, viloyatning kelajagi haqidagi fikr-mulohazalar uchrashuvlarning asosiy mavzusini tashkil etishi hammamizga ma`lum.
Bunday muloqotlarning ma`no-mazmuni, avvalambor, viloyatni yanada rivojlantirish, uning noyob er osti va er usti boyliklaridan oqilona va samarali foydalanish, shu yurtda yashayotgan 3 millionga yaqin aholining talab va ehtiyojlarini ta`minlash, bir so`z bilan aytganda, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini oshirish bilan uzviy bog`liq ekanini ham barchamiz yaxshi anglaymiz.
Surxondaryo deganda, insoniyat sivilizasiyasining beshiklaridan biri, buyuk tarix va boy merosga ega bo`lgan qadimiy va betakror o`lka ko`z o`ngimizda namoyon bo`ladi.
Afsuski, dunyoga qanday tengsiz madaniyat durdonalarini, ne-ne mumtoz zotlarni bergan bu zamin mustabid tuzum davrida sobiq Markazning bepisand siyosati, “Sizlarga bo`laveradi” degan qarashi tufayli uzoq yillar davomida rivojlanishdan ortda qolib kelgani hech kimga sir emas.
Faqatgina mustaqillikka erishganimizdan keyin mamlakatimizning barcha hududlari qatori Surxondaryo ham o`tgan qisqa davrda juda katta, aytish mumkinki, ilgari tasavvur ham qilib bo`lmaydigan taraqqiyot yo`lini bosib o`tdi.
Bu haqda gapirganda, so`nggi yillarda bu erda o`nlab zamonaviy korxonalar, magistral yo`l va ko`priklar, savdo va maishiy xizmat ob`ektlari, ta`lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, yangi turar-joylar, maydon va xiyobonlar barpo etilganini ta`kidlash o`rinlidir.
Bugungi kunda nafaqat viloyat markazi Termiz shahri, balki Denov bo`ladimi, Sherobod, Muzrabot bo`ladimi, boshqa tuman markazlari va qishloqlar bo`ladimi, barchasining qiyofasi tubdan o`zgarib, har tomonlama obod bo`lib borayotgani hammamizga, avvalo, shu zaminda yashayotgan odamlarga, unib-o`sib kelayotgan yosh avlodimizga katta g`urur va ishonch bag`ishlamoqda.
Asriy tog`u toshlar, dashtu biyobonlar bag`rida 223 kilometrlik Toshguzar – Boysun – Qumqo`rg`on temir yo`lining barpo etilgani faqat Surxon vohasi emas, butun mamlakatimiz hayotida, hech shubhasiz, ulkan, tarixiy bir voqea bo`ldi, desak, o`ylaymanki, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.
O`z ishining haqiqiy ustasi bo`lgan quruvchilarimiz, jumladan, surxondaryolik bunyodkorlarning mahorati bilan dengiz sathidan 1500 metr balandlikda o`nlab ko`priklar, yo`l o`tkazgichlar kabi o`ta murakkab injenerlik inshootlarini barpo etishga, katta mablag`, kuch va imkoniyatni, yuksak bilim va tajribani talab qiladigan shunday yirik va noyob loyihani amalga oshirishga erishganimiz har qanday odamni ham qoyil qoldirishi muqarrar. 

Og`ir iqlim sharoitiga qaramasdan, Surxon vohasi dehqon va fermerlarining keyingi yillarda qo`lga kiritayotgan yutuqlari barchamizni quvontiradi.
Bu haqda gapirganda, bugungi kunda yurtimizda etishtirilayotgan paxta xomashyosining 10 foizi, g`allaning qariyb 8 foizi mana shu saxovatli zamin hissasiga to`g`ri kelishini alohida ta`kidlash lozim. Viloyatda joriy yilda 335 ming tonnadan ziyod paxta, 477 ming tonna g`alla etishtirilgani, so`zsiz, mashaqqatli va mardona mehnat natijasidir.
Fursatdan foydalanib, viloyatning mirishkor dehqon va fermerlariga, barcha qishloq xo`jaligi xodimlariga fidokorona mehnatlari uchun o`z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.
Biz uchun eng muhim, eng ustuvor vazifa bo`lmish sog`lom va barkamol avlodni voyaga etkazish yo`lida Surxondaryoda ham o`nlab yangi-yangi maktablar, lisey va kollejlar, san`at va sport maskanlarini, ayniqsa, Termiz davlat universitetining zamonaviy, muhtasham binosi kabi ulkan inshootlarni bunyod etganimiz nafaqat viloyat qiyofasini, ayni vaqtda, odamlarimiz, farzandlarimizning ongu tafakkurini, butun hayotimizni tubdan o`zgartirishga xizmat qilayotgani haqida har qancha to`lqinlanib gapirsak, arziydi, albatta.
Shular qatorida Surxon vohasining qadimiy va betakror madaniyati, urf-odat va an`analarini, nufuzli YuNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan yuksak e`tirof etilgan nomoddiy merosning noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish bo`yicha qilgan ishlarimiz haqida ham ko`p gapirish mumkin.
Bu borada O`rta Osiyo mintaqasida yagona bo`lgan Termiz davlat arxeologiya muzeyini bunyod etganimiz, “Alpomish” dostonining 1000 yillik to`yini, Termiz shahrining 2500 yillik yubileyini qanday baland ruh va ko`tarinki kayfiyatda o`tkazganimiz barchamizga mamnuniyat etkazadi. 
Termiz shahrida 2011 yili eng zamonaviy arxitektura talablariga javob beradigan muhtasham “Surxon” sport majmuasini vohaning o`ziga xos tabiiy va iqlim sharoitini hisobga olib barpo etganimiz shu yurtda ulg`ayib, uni jonidan aziz ko`radigan, jismoniy va ma`naviy kamolotga intilib yashayotgan ming-minglab yoshlarimiz uchun ahamiyati va mohiyatini hech narsa bilan o`lchab bo`lmaydigan katta voqea bo`lganini hech kim inkor etolmaydi.
Bugungi kunda bu erda “Barkamol avlod” sport o`yinlari, kurash bo`yicha jahon chempionati kabi yirik va nufuzli bellashuvlar muntazam o`tkazilmoqda, bu noyob majmua qanchadan-qancha yosh sportchilarimiz uchun parvoz maydoni bo`lib xizmat qilmoqda.
Men ilgari ham aytgan bir fikrni yana takrorlashni joiz deb bilaman: nafaqat yurtimizda, balki butun mintaqamizda ma`lumu mashhur bo`lgan “Alpomish”dek qahramonlik dostonining aynan Surxon zaminida yaratilgani aslo tasodif emas. 
Agar mendan, eng kuchli, eng baquvvat polvonlar qaerda yashaydi, deb so`rasa, hech ikkilanmasdan, avvalo Surxondaryoda, deb aytgan bo`lardim.
O`zbek kurashining vatani, makoni ham aslida Surxon vohasidir. Hammamiz yaxshi bilamizki, mana shu kurash bellashuvlarida “halol” degan so`z eng oliy baho sifatida yangraydi. Shaxsan menga bu ibora bamisoli butun xalqimizga, jumladan, Surxon eliga mansub eng ulug` fazilatni ifoda etayotgandek bo`lib tuyuladi.
Aziz do`stlar, chindan ham Surxon elining lafzi halol, mehnati halol ekanini tarixda ham, bugungi kunda ham ko`p-ko`p misollar yaqqol tasdiqlaydi. Bunday mard insonlarning tabiatida sira g`irromlik bo`lmagan, chala ish bo`lmagan.
Umuman aytganda, Surxon zaminida voyaga etgan, uning g`urur va iftixorini ulug`lab, bu yurtni butun dunyoga tanitib kelayotgan, Yaratganimiz ato etgan kuch-quvvati, iste`dodi va mahorati bilan uzoq va yaqin mamlakatlarda shuhrat qozongan sportchi o`g`il-qizlarimiz xalqimizning hurmatiga sazovor bo`lib kelmoqda.
Shular qatorida Abdulla Tangriev, Davlat Choriev, Sanjar To`xtashev, Go`zal Egamova, Suhrob Tursunov, Barno Mirzaeva, Yahyo Imomov, Ra`no Abduhalimova, Shohista Safarova kabi o`nlab azmu shijoatli yoshlarimiz bugungi kunda o`zbek sportining, o`zbek xalqining dovrug`ini butun dunyoga taratayotgani barchamizni xursand qiladi.
“Alpomish” dostonining qutlug` to`yida men Surxon vohasining kuragi erga tegmagan pahlavonlariga chin qalbdan hurmatimni bildirib, mashhur Toshtemir polvonni bag`rimga bosib, dast ko`targanimni hozir ham katta zavq bilan eslab yuraman.
Bularni barchasining zamirida faqat bitta narsa, ya`ni samimiylik, bir-birimizni yaqin ko`rish, bir-birimizga hurmat va ehtirom mujassam, desam, o`ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo`shilasiz.
Hurmatli yig`ilish qatnashchilari!
Keyingi yillarda Surxondaryoda, uning markazi Termiz shahrida katta hajmdagi bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirilayotgani, avvalo, zahmatkash Surxon ahlining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida yangi-yangi uy-joylar, infratuzilma ob`ektlari barpo etilayotgani natijasida shaharning qiyofasi tanib bo`lmas darajada o`zgarib borayotganini barchamiz mamnuniyat bilan e`tirof etamiz.
Buni so`nggi paytda viloyatda namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarda 3 ming 772 ta shinam uy-joylar qurilgani, birgina Termiz shahrida mahalliy sharoitga har tomonlama mos bo`lgan, 1 ming 41 ta kvartiradan iborat 36 ta zamonaviy ko`pqavatli uylar bunyod etilgani ham tasdiqlaydi.
Ayni vaqtda shaharni ko`kalamzorlashtirish, noyob manzarali daraxtlarni tanlab ekish va parvarish qilish, yashil hududlarni ko`paytirish hisobidan butun shahar yashil libosga burkanib, barchaning ko`zini quvontiradigan, havasini tortadigan betakror qiyofa kasb etgani janubning jazirama quyoshi ostida yashaydigan odamlarga qanday qulaylik tug`dirganini tasavvur qilish qiyin emas, deb o`ylayman.
Aziz do`stlar!
Surxon vohasining ko`hna tarixi, ming yillar davomida shu zaminda yotgan va bugun o`zbek olimlari bilan birga turli mamlakatlardan kelgan olimlarning arxeologik qazishmalari, ilmiy izlanishlari natijasida ochilayotgan va ilmu fan olamini hayratda qoldirayotgan noyob ashyolar, qadimiy madaniyat yodgorliklari bu tuproq o`z bag`rida hali qancha-qancha sirlarni saqlab kelayotganidan dalolat beradi, desak, hech qanday xato bo`lmaydi.
Misol uchun, eramizdan avvalgi I ming yillik o`rtalarida Baqtriyaning birinchi podshosi Zoroastr Termiz shahriga asos solgan. Termiz dastlab Taramata deb atalgan.
Shaharning g`oyat qulay geografik sharoiti, Sharqni G`arb bilan bog`laydigan savdo chorrahasida joylashgani uning tez sur`atlar bilan rivojlanishiga zamin yaratdi. Shu bois turli-turli bosqinchilar Termizni qo`lga olish, unga egalik qilishga doimo intilib kelgan.
Eramizdan avvalgi 327 yilda Aleksandr Makedonskiy, ya`ni bizning tilimizda Iskandar Zulqarnay shaharni bosib olib, unga Aleksandriya nomini bergan. Termiz qal`asi miloddan avvalgi davrlarda Yunon-Baqtriya davlati, Kushonlar imperiyasi, miloddan keyingi V-VI asrlarda Eftalitlar, Sosoniylar hukmronligi ostida bo`lgan. VIII asr boshida esa bu erni arablar zabt etgan.
Termiz tarixi haqida so`z yuritar ekanmiz, hech shubhasiz, bu shahar uning tarixiga yorqin sahifalar bitgan Amir Temur bobomizning muborak nomi bilan chambarchas bog`lanib ketganini esga olishimiz tabiiydir.
Termiz shahri Sohibqiron bobomiz Turon zaminida barpo etgan buyuk va qudratli davlatning mustahkam qo`rg`oniga, saltanat tayanchiga aylangan.
Bugungi kunda bu erda yashayotgan barcha-barcha insonlar Surxon tarixining ana shunday shonli sahifalarini g`urur va iftixor bilan eslaydi.
Barchamiz uchun muqaddas bo`lmish Termiz tuprog`ida qanday ulug` alloma va mutafakkirlar, aziz-avliyolar yashagani, ular Termiziy degan nom bilan islom dunyosida qanday yorqin iz qoldirganlari hammamizga yaxshi ma`lum.
Haqiqatan ham, bu tabarruk diyordan etishib chiqqan buyuk alloma Hakim Termiziy, dunyodagi eng ishonchli oltita hadis to`plamlaridan birini yaratgan mashhur muhaddis Abu Iso Termiziy, teran mazmunli asarlari bilan Sharqda nom qozongan Adib Sobir Termiziy, islom falsafasi rivojiga munosib hissa qo`shgan Abu Bakr Varroq Termiziy kabi mumtoz zotlar nainki xalqimiz, balki butun musulmon olamining faxru iftixori hisoblanadi.
Bu zaminning urush va bosqinlar tufayli necha bor vayron bo`lib, kultepalar uzra necha bor qayta tiklangani haqida ham albatta ko`p gapirish mumkin. Lekin barchamizga cheksiz iftixor etkazadigan haqiqat shuki, bu erni o`ziga muqaddas makon deb bilgan jasur ajdodlarimiz yovlarga hech qachon bosh egmagan.
Buyuk tarixchi alloma Sharafiddin Ali Yazdiy mashhur "Zafarnoma" kitobida Termiz ahlining mo`g`ul bosqinchilariga matonat bilan, qahramonlarcha qarshilik ko`rsatganini tasvirlar ekan, bu shaharni "Mardlar shahri" deb ataganida chuqur hayotiy haqiqat mujassamdir.
Mustaqillik yillarida Termiz har tomonlama obod bo`lib, O`zbekistonimizning eng go`zal shaharlaridan biriga, yurtimizning janubiy sarhadlaridagi bosh istehkomiga, mustahkam darvozasiga aylandi.
Bugungi kunda Termiz shahri nafaqat Surxon vohasi, nafaqat O`zbekiston, balki butun O`rta Osiyo mintaqasining iqtisodiy, madaniy va kommunikasiya markazlaridan biri desak, hech qanday mubolag`a bo`lmaydi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Biz bugun qanday murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimizni, dunyoda notinchlik va qarama-qarshiliklar tobora kuchayib borayotganini hammangiz yaxshi bilasiz. Ayniqsa, bizning hududimizda, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikka eng katta xavf-xatar – bu Afg`onistonda 35 yildan buyon davom etayotgan urush ekani hech kimga sir emas.
Biz Afg`oniston xalqi bilan necha-necha asrlardan buyon yonma-yon qo`shni bo`lib, ahil va inoq yashaganmiz. Qiz berib, qiz olib, quda-andachilik qilib kelganmiz. Amudaryoning ikki tomonida turib bir-birimizning holimizdan doimo xabardor bo`lib turganmiz. Shuning uchun ham, afg`on fojiasini boshqalardan ham ko`ra unga yaqin bo`lgan bizning xalqimiz xayolidan, yuragidan mutlaqo boshqacha o`tkazadi. “Qo`shning tinch – sen tinch” degan naql albatta bejiz aytilmagan.
Men o`zimning juda ko`p chiqishlarimda, jumladan, nufuzli xalqaro minbarlardan turib, jahon hamjamiyati vakillariga murojaat qilib, afg`on mojarosini harbiy yo`l bilan hal etishning imkoni yo`q, deb ochiq aytganimni, o`ylaymanki, sizlar yaxshi bilasiz.
Agar afg`on xalqining o`ziga qo`yib bersa, shak-shubhasiz, bu urush hech qachon buncha uzoq davom etmasdi. Afg`on xalqi – ko`pni ko`rgan xalq. Bu xalq ham biz kabi doimo tinchlik va omonlikni, oilasini tinch mehnat bilan boqishni, bolalarining baxtini ko`rishni xohlaydi.
Shunday ekan, nima uchun shuncha vaqtdan buyon bu erda urush bormoqda? Bunga sabab albatta ko`p, lekin eng asosiy sabab – bu Afg`onistonda urushni davom ettirish kimgadir kerak. Bu urushni davom ettirishga urinayotganlar, birinchi navbatda, afg`on xalqining manfaatini emas, balki o`z manfaatini ko`zlaydi. Ming afsuski, dunyoda mana shunday siyosiy o`yinlar to`xtamayapti.
Afg`on zaminida urushni davom ettirish tarafdori bo`lgan kuchlar “Yiqilgan kurashga to`ymas” degan maqolni hech qachon esidan chiqarmasligini istardim. Jafokash afg`on yurtiga turli kuchlar keladi-ketadi, afg`on xalqi esa abadiy qoladi. Bu xalqni zo`ravonlik bilan bo`ysundirib bo`lmasligini XIX asrdan boshlab bugungi kungacha ba`zi yirik davlatlarning bu erga qurol bilan kelib, oxir-oqibatda engilib ketgani ham yaqqol ko`rsatib turibdi.
Taassufki, bugungi kunda faqat harbiy kuchga tayanib siyosat olib borayotganlar bu haqiqatni tushunmayapti.
Mana, yaqinda Afg`onistonda Prezident saylovi bo`lib o`tdi. Bu davlatning yangi rahbarlari ish boshladi. Lekin mamlakatdagi vaziyat ertaga qaysi tomonga o`zgaradi, degan savol, afsuski, hamon ochiqligicha, mavhumligicha qolmoqda.
O`z-o`zidan ayonki, “AYSAF” deb nom olgan xalqaro tinchlikparvar kuchlarning bu jafokash zaminda davom etayotgan to`qnashuvlarni bartaraf etishni oxiriga etkazmasdan turib va qarama-qarshi kuchlarni murosaga keltirmasdan turib, Afg`onistondan olib chiqib ketilishi bu mintaqada tinchlik va osoyishtalik o`rnatishga olib kelishi gumon, deb o`ylayman.
Mana shunday murakkab bir vaziyatda O`zbekistonning bu masala bo`yicha pozisiyasini yana bir bor eslatib o`tishni zarur, deb hisoblayman.
Bu boradagi bizning yondashuvimiz, siyosatimiz aniq va ravshan: biz yon qo`shnimiz bo`lgan Afg`oniston davlatining ichki ishlariga aralashmaslik, afg`on xalqi ishonch bildirib saylagan hukumat bilan o`zaro hurmat va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, tinch-totuv bo`lib yashashni o`zimizga ma`qul deb bilamiz.
Tinchlik haqida, osoyishtalik haqida gapirganda, yurtimizdagi har qaysi odam avvalo o`z ishonchini janubiy chegaralarimizda Vatanning sodiq posboni bo`lib turgan Termiz ahliga, Surxon vohasining mardlariga qaratadi.
Chunki tarixning o`zi Termiz shahriga, uning jasur xalqi zimmasiga yurtimiz tinchligi va ozodligi yo`lida metindek mustahkam qo`rg`on bo`lish kabi og`ir va mas`uliyatli vazifani yuklagan. Va sizlarning barchangiz bu muqaddas vazifani bugungi tahlikali davrda ham sharaf bilan ado etib kelmoqdasiz, desam, o`ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo`laman.
Bunday yuksak ishonch so`zlarini davom ettirib, shu tuproqda, shu zaminda xoklari yotgan ulug` ajdodlarimizning xotirasi oldida, mana shunday buyuk o`tmishning vorislari bo`lmish xalqimiz oldida bosh egib ta`zim qilishni ham qarz, ham farz, deb bilaman.
Qadrli yurtdoshlar!
Endi ruxsatingiz bilan menga yuklatilgan sharafli va quvonchli bir vazifani ado etishga o`tsam.
Mustaqillik yillarida shahar ahlining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, millatlararo do`stlik va hamjihatlik munosabatlarini rivojlantirishga qo`shgan munosib hissasi, xalqimizning tarixiy va ma`naviy merosini asrab-avaylash, yoshlarimizni ulug` ajdodlarimizga xos ezgu qadriyatlar, mardlik va jasorat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlari uchun berilgan Amir Temur ordenini katta mamnuniyat bilan Termiz shahriga topshirishga ijozat bergaysiz.
Muhtaram do`stlar!
Termiz shahrining mana shunday yuksak davlat mukofotiga sazovor bo`lishida siz azizlarning, shu go`zal yurtga farzandlik mehri va sadoqatini berib yashayotgan, o`z taqdiri va kelajagini o`z qo`li, fidokorona mehnati bilan yaratayotgan ezgu niyatli, olijanob barcha insonlarning hissasi va xizmati beqiyosdir, desam, ayni haqiqatni aytgan bo`laman.
Bugun nafaqat Termiz ahli uchun, aytish mumkinki, butun O`zbekistonimiz uchun katta bayram. Qadimiy va navqiron Termiz shahri hayotidagi bu qutlug` kun, hech shubhasiz, unutilmas bir voqea bo`lib tarixda qoladi va barchamizni yangi-yangi ufqlarga da`vat etadi.
Mamlakatimizning barcha navqiron yoshlari qatorida surxondaryolik o`g`il-qizlarimga – mening bolalarimga aytadigan da`vatim shuki, sizlar bugun Amir Temur ordeniga sazovor bo`lgan shaharlar safiga qo`shilgan Termizdek o`tmishi buyuk, kelajagi sharafli shaharda, qanday noyob, Xudoning nazari tushgan muqaddas zaminda yashayotganingizni aslo unutmang, ota-bobolarimizning sha`nu shavkatiga doimo munosib bo`ling.
Sizlarni yana bir bor bag`rimga bosib, aziz farzandlarimiz hech qachon hech kimdan kam bo`lmaydi, biz boshlagan buyuk ishlarni davom ettiradi, barcha sohalarda eng yuksak marralarni albatta zabt etadi, deb katta ishonch va g`urur bilan aytmoqchiman.
Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!
Mana shu unutilmas lahzalarda sizlarni, butun Surxon ahlini davlatimizning yuksak mukofoti bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik va qut-baraka tilayman.
Yurtimizning faxru iftixori bo`lmish Termiz shahri dunyo turguncha tursin!
Termizdek buyuk shaharlarni bunyod etgan xalqimiz doimo omon bo`lsin!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo`lsin! 

    Boshqa yangiliklar