1

Sog`liqni saqlash vazirligi ogohlantiradi: Chustdagi artezian quduq suvi – ichimlik suvi sifatida foydalanishga yaroqsiz

Jamiyat 24.05.2019, 22:39
Sog`liqni saqlash vazirligi ogohlantiradi: Chustdagi artezian quduq suvi – ichimlik suvi sifatida foydalanishga yaroqsiz

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi Namangan viloyati, Chust tumanidagi fermer dalasidan buloq chiqqani va uning suvi shifobaxshligi haqida tarqalgan shov-shuvli xabarlar yuzasidan ma`lumot berdi.

Ma`lum qilinishicha, Namangan viloyat DSENM mutaxassislari tomonidan 2019 yilning 22 may kuni Chust tumanidagi «Tomchi zamin» fermer xo`jaligidagi artezian quduq suvidan laboratoriya tekshiruvlari uchun suv namunalari olingan. Viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya markazining akkreditasiyadan o`tgan laboratoriyalarida bakteriologik, sanitariya-kimyoviy va radiologik tekshiruvlar olib borilmoqda. Dastlabki sanitariya-kimyoviy tahlil natijalariga ko`ra olingan suv namunasi loyqaligi, vodorod ko`rsatgichi (rn), umumiy minerallanishi (quruq qoldiq), umumiy qattiqligi, sulfatlar va xloridlar qoldig`i ko`rsatkichlari bo`yicha OzDst 950-2011 «Ichimlik suvi. Gigienik talablar va sifatini nazorat qilish» Davlat standarti me`yorlaridan bir necha barobar yuqoriligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, bunday suv aholi uchun ichimlik suvi sifatida iste`molga berilishi va ishlatilishi mumkin emas. Hozirda bakteriologik tahlillar davom ettirilmoqda.

«Har qanday mineral suvlarning shifobaxshlik xususiyatini aniqlash uchun avvalo O`zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo`mitasi tomonidan tegishli tahlillar o`tkazilishi va ushbu tahlil natijalari Sog`liqni saqlash vazirligining «Respublika terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy markazi» tomonidan baholanishi lozim. Agarda o`rganilgan suvning shifobaxshligi aniqlansa, suvdan foydalanish qoidalariga mos ravishda suv manbasida belgilangan qurilish ishlari olib borilib, suvning aynan qaysi kasalliklarga shifoligi bo`yicha sanitariya-gigiena va epidemiyaga qarshi tartiblarga rioya etgan holda foydalanish mumkin. Mutaxassislar tomonidan o`rganilmasdan, suvni ichish, yuvinish, vanna yoki boshqa usullar bilan davo sifatida foydalanish organizmda mavjud kasalliklarni qo`zg`atishi, og`irlashtirishi yoki boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shunday ekan, ushbu holatda «Tomchi zamin» fermer xo`jaligidagi artezian quduq suvidan inson salomatligi yo`lida foydalanishni to`xtatish lozim.

Suv – nafaqat hayot manbai, balki ko`pgina yuqumli, jumladan o`ta xavfli yuqumli kasalliklar hamda somatik kasalliklarning tarqalish omili ekanligini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak», deydi Kun.uz so`roviga javoban Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi rahbari Bahrom Almatov.

Joriy haftada Chustda «saratonga davo ekani» aytilayotgan buloq katta shov-shuv keltirib chiqardi. Ayni vaqtda respublikaning turli nuqtalaridan minglab kishilar Chustdagi «buloq»qa shifo izlab kelmoqda.

Bundan avvalroq, Kun.uz sayti muxbiri Chust tumanida bo`lib, holat bilan yaqindan tanishgan va vaziyat haqida atroflicha ma`lumot bergandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1