1

Maktabgacha ta`lim masalalari bo`yicha O`zbekiston-Xitoy forumi bo`lib o`tdi

Jamiyat 25.05.2019, 11:10
Maktabgacha ta`lim masalalari bo`yicha O`zbekiston-Xitoy forumi  bo`lib o`tdi

Joriy yilning 24 may kuni Toshkent shahrida ilk marotaba “Bolalarning barvaqt rivojlanishida innovasion yondashuvlar” nomli o`zbek-xitoy forumi bo`lib o`tdi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad O`zbekistonda bolalarning erta rivojlanishiga ko`maklashuvchi o`yinlar va o`yinchoqlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`lib, shu mavzu doirasida ilk qadamlar belgilandi.

Ushbu forum maktabgacha bo`lgan ta`lim sohasini va albatta, o`zbek tadbirkorlarining ishbilarmonligini yanada rivojlantirishga qaratilgan ulkan imkoniyat bo`la oladi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Tadbir qatnashuvchilari kichik yoshli bolalarning aqliy salohiyatini oshirishga zamin yaratuvchi o`yinlar va o`yinchoqlar ishlab chiqarishdagi o`zbek-xitoy hamkorligini tashkil etish borasida so`z yuritdilar.

So`zga chiqqan O`zbekiston maktabgacha ta`lim vaziri Agrippina Vasilevna Shin: “ Maktabgacha ta`lim vazirligining ishchi guruhlari poytaxt va xududdagi bog`chalarga muntazam ravishda tashrif buyuradilar. Biz qanday muammolar mavjudligini ko`ramiz va ularni hal etish uchun harakat qilamiz. Xozirgi kunda MTMlarda olib borilayotgan ishlarga o`zingiz guvoh bo`lgandirsiz. Guruhlarda ovqatlanish yaxshilandi, o`quv qurollari keltirildi. Ko`p xonalar ta`mirlandi, bog`chalar soni ko`paydi. Maktabgacha ta`lim vazirligi delegasiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifida maktabgacha yoshdagi bolalarga mo`ljallangan o`yinchoqlar va didaktik materiallar ko`rgazmasida ham bo`ldi. Bu loyiha asosida biz o`zbek-xitoy qo`shma korxonasini tashkil etish masalalarini ko`rib chiqyapmiz. Mazkur korxona faoliyati davomida bog`chalarimizdagi farzandlarimizni rivojlantirishga qaratilgan keng assortimentdagi o`yinchoqlarni ishlab chiqarishni ko`zda tutdik”,- deya ta`kidlab o`tdi.

Forum davomida Xitoy Xalq Respublikasida ta`lim-tarbiya borasidagi ilg`or tajribalar va maktabgacha ta`lim jarayonida duch kelinadigan dolzarb muammolar atroflicha tahlil qilindi.

“Hamkorlarimiz bilan Xitoyda uchrashganimizda yomg`ir yog`ib yuborgandi. Aslida, yomg`ir yaxshilik timsoli. Undan so`ng etti xil ranglarni jamlab, kamalak ko`rinish beradi, o`simliklar suvga to`yinadi. Mana, Toshkentda ham quyoshli kunlardan so`ng, bugun osmon bulutli bo`lib, yomg`ir yog`ishi kutilmoqda. Men o`ylaymanki, buning ramziy ma`nosi bor, albatta. Loyihamiz kutilgandan ham ko`proq foyda olib keladi, degan umiddaman”-, dedi O`zbekiston maktabgacha ta`lim vaziri Agrippina Shin.

Tadbirda shuningdek, vazirlik va idoralar, “Sun Sunlin” nomidagi jamg`arma, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, davlat, xususiy va davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan maktabgacha ta`lim muassasalari rahbarlari, o`zbek va xitoy tadbirkorlari qatnashdilar.

Anjuman davomida Xitoydagi maktabgacha ta`limning rivojlanishiga, matematik bilimlarni o`rganish jarayonlariga va jamoa bo`lib ishlash qobiliyatining shakllanishiga qo`maklashuvchi metodlar ham muhokama qilindi.

Bu kabi loyihalardan ko`zlangan maqsad maktabgacha yoshdagi bo`lgan bolalarni tarbiyalashdagi innovasion g`oyalarni yaratish va amalga tatbiq etishdir. Bundan kutilayotgan foyda ham kam emas. Zero, farzandlarimiz – bizning kelajagimizdir!

Husniyabonu SULTONOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1