1

Xalqaro reytinglarning O`zbekiston uchun ahamiyati qanday?

Jamiyat 25.05.2019, 18:30
Xalqaro reytinglarning O`zbekiston uchun ahamiyati qanday?

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 martdagi “Xalqaro reyting va indekslarda O`zbekiston Respublikasining o`rnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni tizimlashtirish to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq mamlakatimizning jahon hamjamiyatida reyting va indeks ko`rsatkichlarini ko`tarishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Negaki, mamlakat iqtisodiyotining rivoji, xorijiy biznes vakillari bilan hamkorlikni mustahkamlash va investorlar e`tiborini jalb etishda solishtirma reytinglarning yuqori bo`lishi muhim ahamiyatga ega. Iqtisodiy va siyosiy-huquqiy xalqaro reyting va indekslarda O`zbekistonning o`rnini yaxshilash xalqaro maydonda mamlakatimiz mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Reyting tushunchasi, xalqaro reytinglarning mamlakat taraqqiyotidagi o`rni haqidagi savollarimizga AT Xalq banki departament direktori o`rinbosari Orif NIG`MATOV javob berdi.

–O`zbekiston bank tizimi hozirda xalqaro reyting agentliklari xulosasiga ko`ra qanday baholanmoqda?

–O`zbekiston bank tizimi “Fitch Ratings”, “Standard & Poors” va “Moodyʼs”kabi dunyoning eng nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan muntazam ravishda baholanib kelinadi.

O`zbekiston bank sektorini reytinglash jarayonida o`rta muddatli istiqbolda bank sektorining o`sishi, davlat siyosati, iqtisodiyotga davlat investisiyalari, aktivlarning sifati, muammoli kreditlarning zaxiralar bilan qoplanganligi, yirik investisiya kreditlarining davlat tomonidan kafolatlanganligi, 1-darajadagi kapital etarliligi hamda likvidli aktivlarning jami umumiy aktivlaridagi ulushining minimal talabdan qanchalik yuqoriligi eng muhim omillar hisoblanadi.

Bundan tashqari xalqaro reyting agentliklari uchun eng asosiy omil sifatida davlatning xalqaro suveren reyting bahosi muhim hisoblanadi.

–Umuman banklarning reyting ko`rsatkichlari iqtisodiy, ijtimoiy va tashqi aloqalarda, investision muhitda qanday ahamiyatga ega?

–Banklarning xalqaro reyting ko`rsatkichlari orqali tashqi investorlar va moliya institutlari muhim ma`lumotlarga ega bo`ladilar. Reyting darajasiga qarab banklarga xorijiy kredit liniyalari jalb qilish, chet el banklari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish hamda o`z aksiyalarini xorijiy sarmoyadorlarga sotish imkoniyatlari ochiladi.

Bir so`z bilan aytganda xalqaro reyting ko`rsatkichi mazkur bankning o`z majburiyatlari bo`yicha to`lov qobiliyatini aks ettiradi va bankka sarmoyalar kiritish uchun qaror qabul qilishda katta ahamiyat kasb etadi. Banklar xorijdan yanada past foizli mablag`lar jalb etish imkoniga ega bo`ladi. Shuningdek, bank xizmatlari turlari va sifati ortadi. Mahalliy va xalqaro kompaniyalar uchun fond bozorlarida yangiimkoniyatlar ochiladi. Bu esa o`z navbatida xalqaro kapital bozorida ishtirok etish istiqbolini engillashtiradi.

–Bank tizimi reyting natijalari qanday omillarga qarab belgilanadi?

–Bank tizimini reytinglash jarayoni judayam ko`p omillarni inobatga olgan holda yondoshishni talab etadi. Bankning nafaqat asosiy faoliyati balki bankka hukumat tomonidan berilgan qo`shimcha vakolatlar, bankning maqsadi va vazifalari, korporativ boshqaruv tizimi, raqobatchilari holati, tashqi omillar, faoliyat yuritayotgan joyidagi shart-sharoitlar, bankning qisqa va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi, o`z oldiga qo`ygan biznes va moliyaviy rejalarining bajarilishi, shuningdek, bankning farqli hususiyatlari ham alohida inobatga olinadi. Ayniqsa xalqaro reyting kompaniyalari tomonidan tashqi audit hulosasi alohida o`rganib chiqiladi.

–O`zbekiston bank tizimlarining xatarlarga chidamli, barqaror va kafolatli bo`lishi, xalqaro reyting ko`rsatkichlarini o`stirish uchun yana nimalar qilish kerak?

–Avvalombor, mahalliy bank qonunchiligining xalqaro andozaga qanchalik mos kelishini o`rganish, xalqaro moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish, tavakkalchilikni kamaytirish uchun xedjirovaniya va diversifikasiya siyosatlarini muqobillashtirish talab etiladi. Bank tizimida korporativ boshqarishning samarali usullaridan foydalanish, xalqaro moliya hisoboti tizimini joriy qilish hamda xalqaro bank xizmatlari sertifikatlariga ega bo`lish orqali xalqaro reyting ko`rsatkichlarini oshirib borish mumkin.

Manzura BEKJONOVA suhbatlashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1