1

Mudofaa vazirligi va Jizzax “Temuriylar izdoshi” NTM o`rtasida memorandum imzolandi

Jamiyat 26.05.2019, 11:38
Mudofaa vazirligi va Jizzax “Temuriylar izdoshi” NTM o`rtasida memorandum imzolandi

24 may kuni O`zbekiston Mudofaa vazirligi hamda Jizzax shahri “Temuriy izdoshi” nodavlat ta`lim muassasasi o`rtasida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni intellektual salohiyatini oshirish va harbiy kadrlarni tayyorlashning uzluksizligini ta`minlash yuzasidan o`zaro hamkorlik bo`yicha memorandum imzolandi.

Qurolli Kuchlar akademiyasida o`tkazilgan hujjatni imzolash marosimida O`zbekiston mudofaa vazirining o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov hamda Jizzax viloyati “Temuriylar izdoshi” NTM direktori A.Siddiqov, har ikki tomondan mas`ullar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

“Oliy harbiy ta`lim muassasalarida o`qish uchun yuqori bilimli va vatanparvar yoshlarni jalb qilish maqsadida respublikamizning har bir viloyatida bittadan o`rta maktabni belgilab, ularda alohida dasturga asosan fanlarni chuqur o`rgatish va ularning harbiy xizmatga bo`lgan qiziqishi hamda intilishini kuchaytirib borish orqali yoshlar qalbida mamlakat Qurolli Kuchlaridan g`ururlanish tuyg`ularini oshirishga erishamiz”, — deydi tadbir davomida so`zga chiqqan mudofaa vazirining o`rinbosari.

Mazkur hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollarini belgilash, o`zaro qiziqish uyg`otadigan masalalarni kelishgan holda amalga oshirish, o`zlarining vakolatlari doirasida, ikki tomonlama manfaatli munosabatlarni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Memorandumga ko`ra, Mudofaa vazirligi maktab o`quvchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularni qo`llab-quvvatlash hamda o`quvchilarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo`yicha otaliqqa oladi.

Jizzax viloyatidagi “Temuriylar izdoshi” nodavlat ta`lim muassasasi O`zbekiston Prezidentining 2017 yil 15 sentyabrdagi “Nodavlat ta`lim xizmatlarini ko`rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo`lib, bu erda maxsus harbiylashgan sinflarda 400 dan ortiq yoshlar chet tillari, matematika, fizika, tarix hamda huquq fanlaridan malakali ta`lim oladi.

Tadbir davomida Jizzax viloyati “Temuriylar izdoshi” NTM o`quvchilari Qurolli Kuchlar akademiyasida yaratilgan sharoitlar hamda uning tarixi bilan tanishishdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1