1

Yirik kupyuralar inflyasiyaga ta`sir qiladimi?​

Jamiyat 26.05.2019, 13:29
Yirik kupyuralar inflyasiyaga ta`sir qiladimi?​

O`zaro gurunglarimizda milliy valyutamiz – so`m mavzusi tez-tez tilga olinadi. Hamma o`z bilganicha fikr aytadi, tusmol qiladi. Haqiqatan ham so`mimizni qanday istiqbol kutmoqda?

Jurnalist Asqar Haydarov o`z maqolasida shu mavzuga ekskurs qiladi.

Markaziy bankning Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti direktori Fazliddin Bozorov qayd etdiki, mamlakatimizda 1000 so`m qiymatdagi banknot 2001 yilda, 5000 so`mlik kupyura oradan 12 yil o`tib, ya`ni 2013 yilda muomalaga kiritilgan. 10 000 va 50 000 so`mlik banknotlar esa 2017 yilga kelib muomalaga chiqarildi.

Ushbu davrda ish haqi miqdori va narxlar bir necha barobar, shunga mos ravishda, naqd pulga bo`lgan talab ham oshib bordi. Natijada muomalada banknotlar soni ko`payib ketdi, fuqarolarning qimmat narxli tovarlarni sotib olishida noo`ng`ayliklar paydo bo`ldi. Milliy valyutamiz jamg`arish funksiyasini sekin-asta yo`qota bordi; bank xodimlarning naqd pullarni sanash, o`rab bog`lash bilan bog`liq ishlariga keragidan ko`p vaqt sarflandi, banknotlarni bosib chiqarish va ularni joylarga etkazish, bo`yoq, qog`oz bilan bog`liq xarajatlar oshib ketdi.

Mana shunga o`xshash salbiy holatlarning oldini olish uchun muomalaga 2017 yilda 10 va 50 ming so`mlik kupyuralar muomalaga chiqarildi. Shu yilning 25 fevralidan esa bir yuz ming so`mlik yangi kupyura muomalaga kiritildi.

a3ac0ffbbe09302a5ed7fe833b159f31.jpg

77350a70df6824da2250bd416ab13b25.jpg

Mutaxassisning qat`iy fikricha, yirik nominaldagi banknotlarning muomalaga chiqarilishi inflyasiyaga mutlaqo ta`sir ko`rsatmaydi. Muomalada naqd pul hajmining kamayishi yoki ko`payishi umumiy pul massasi tarkibida naqd pullar salmog`i ko`payishi yoki kamayishini anglatadi.

2017 yil boshida muomaladagi naqd pullarning umumiy sonida 500 so`m qiymatgacha bo`lgan banknotlar ulushi 17,2 foizni, 1000 so`mlik banknotlar - 68,8 foizni, 5000 so`mlik banknotlar - 14 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2019 yilga kelib muomaladagi banknotlar sonida 500 so`mgacha bo`lgan kupyuralar 9,9 foiz, 1000 so`mlik – 55,7 foiz, 5000 so`mlik – 22,6 foiz, 10 000 so`mlik – 9 foiz va 50 000 so`mlik – 2,8 foiz ulushga ega bo`ldi.

2018 yil boshiga kelib muomaladagi naqd pullar hajmi 2017 yilga nisbatan 1,8 barobar oshib 23,3 trln.so`mni tashkil etgan bo`lsa-da, muomaladagi banknotlar soni 3,3 mlrd. donaga qisqarishi ta`minlandi.

Bu kamayish 10 000 va 50 000 so`mlik banknotlar ulushining mos ravishda 22,3 foiz va 34,9 foizga etkazilishi hisobiga to`ldirildi.

2018 yil iyul oyidan boshlab, naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda aholi uchun qulayliklar yaratish, muomaladagi naqd pullarni sifat jihatdan mustahkamlash maqsadida Markaziy bank tomonidan yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so`mlik tanga pullar muomalaga chiqarildi.

Binobarin, yangi nominaldagi pullarning chiqarilishi yoki nollarni olib tashlash (denominasiya) texnik masala bo`lib, iqtisodiy-moliyaviy jarayonlarga ta`sir ko`rsatmaydi. Mutaxassislar e`tirof etishicha, hozirgi paytda dunyoning ko`plab mamlakatlarida naqd pullardan voz kechish tendensiyasi kuchayib bormoqda. Bu tendensiya bizning iqtisodiyotimizda ham aks etmoqda.

So`mning kelgusi taqdiri

Banklar faoliyatiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarining kirib kelishi naqd pul muomalasini takomillashtirish jarayonlarini tezlashtirib yubordi, odamlarning fikrlash tarzida keskin o`zgarish yasadi. Bu o`zgarishlarni vatandoshlarimiz ongli ravishda qabul qilib, o`zaro oldi-sotdi muomalalarini naqd puldan ko`ra, plastik kartochkalar orqali amalga oshirishni afzal ko`rishmoqda.

To`lov tizimlari va axborot texnologiyalari departamenti direktori o`rinbosari Ulug`bek Mahmudov axborot texnologiyalari istiqboli xususida so`zlar ekan, “bugungi kunda mamlakatimizdagi muomalaga chiqarilgan plastik kartalar soni salkam 17,8 ming donani tashkil etishi fikrimizning yaqqol isbotidir, - dedi. - Shu yil boshiga kelib ularga 244 mingdan oshiq terminal, 6859 ta bankomat va infokiosk xizmat ko`rsatmoqda. Jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali milliy valyutada amalga oshirgan tranzaksiyalari summasi 2018 yilda 63,7 trln so`mdan ko`proqni tashkil etdi yoki bir yil ichida 20 foiz o`sishi ta`minlandi.

Uning so`zlariga ko`ra, shu bilan birga, tijorat banklari Visa, Master Card, China Union Pay xalqaro to`lov tizimlari bilan shartnomalar asosida milliy va chet el valyutasida gi bank kartalarini emissiya qilmoqda. Hozirgi kunda xalqaro kartalar soni 681 ming donaga yaqin bo`lib, ularga 2 ming ortiq terminal va 193 ta bankomat xizmat ko`rsatmoqda.

720_460_80_1105544451.jpg

Bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko`rsatish tizimlari (Bank-Mijoz, internet-banking, mobil va SMS-bankinglar) orqali xizmat ko`rsatish ko`lamining kengayib borishi bu yo`nalishda qonunchilik bazasini mustahkamlash, sog`lom raqobat muhitini shakllantirishni toqozo etmoqda.

Chakana to`lovlarni qayta ishlash bo`yicha davlat prosessing markazining mavjud emasligi milliy to`lov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirish, to`lov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayapti hamda bozorda bir monopol tizimning mutlaq ustun bo`lib qolishini bartaraf etolmayapti. Mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 19 sentyabrdagi “Milliy to`lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori hamda ishlab chiqilgan “To`lov tizimlari to`g`risida”gi yangi qonun loyihasi bu yo`nalishdagi ishlar sifatini ancha yaxshilaydi. Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi qoshida tashkil etilgan “Humo” Milliy banklararo prosessing markazi direktori Shuhrat Qurbonov aytishicha, yangi qonun to`lov tizimlari operatorlarining faoliyatini tartibga soladi, ularning rivojlanishi, ishonchli va xavfsiz ishlashining mustahkam platformasini yaratadi.

Yangi tuzilayotgan Milliy banklararo prosessing markazi to`lovlarni amalga oshirish uzluksizligini ta`minlash, innovasion mahsulotlarni joriy qilish, bank xizmatlarining ommabopligini ta`minlash hamda to`lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini rivojlantirishga sharoit yaratadi. Markaz direktori ishontirishicha, mazkur to`lov tizimi ishga tushirilishi bilan yana bir qator qulayliklar yaratiladi, odamlar ikkita to`lov tizimidan foydalanish, ya`ni tanlash imkoniyatiga ega bo`ladi. Tanlov, tabiiyki, bozorning markazlashuvi va monopollashuviga barham beradi.

1200px-100_000_SUM_FRONT.png

“Humo” bozorda to`lov tizimi emas, operator sifatida faoliyat yuritadi. MBPM banklar, to`lov tizimlari, elektron to`lovlar uchun unga zarur bo`lgan infratuzilmani yaratadi.

“Mazkur tizim xalqaro to`lov tizimlari bilan integrasiyalashgan holda faoliyat yuritadi, - dedi Sh.Qurbonov. - Naqd pulsiz to`lovlarni amalga oshirishda innovasion mahsulotlar, jumladan kontaktli va kontaktsiz, mobil texnologiyalar keng qo`llaniladi. Virtual plastik kartalar muomalaga chiqariladi. Banklar bu bozorda erkin harakat qiladi, halol raqobat muhiti shakllantiriladi”.

Uning ishontirishicha, banklar to`lov infratuzilmasini kengaytirish va maxsus to`lov terminallar, bankomatlar va infokiosklar xarid qilishda bitta etkazib beruvchining mahsuloti bilan cheklanib qolmaydi, xalqaro standartlarga javob beruvchi barcha nufuzli kompaniyalarning texnik ta`minotini tizimda qo`llash imkoni yaratiladi.

Hozirgi kunda to`lov tizimidagi 200 mingdan ortiq terminalu 17 mln kartalar Yagona umumrespublika prosessing markaziga ulangan. Bordiyu markazda biror ishkal paydo bo`lsa, bank ham, mijoz ham operasiyalarni amalga oshirolmaydi, plastik kartalar orqali operasiyalar falajlanib qoladi. “Humo” qo`llaydigan texnologiya banklararo, ichki bank va chakana to`lov tizimlaridan iborat bo`lib, biror tizimda muammo paydo bo`lgani bilan plastikdan foydalanish jarayoni to`xtab qolmaydi. Tizimning biror joyida muammo paydo bo`lgani bilan butun tizim ishdan chiqmaydi. Karta va terminallarni sotib olish va amaliyotga joriy etishni banklar ixtiyoriga berilishining sababi shunda.

“Humo” emissiya qiladigan to`lov kartalari mustahkamligi va xavfsizligi ta`minlangani, ikki rejimda (kontaktli va kontaktsiz) ishlashi bilan ajralib turadi. Unda to`lov kartasi egasining ismi-familiyasi va nomeri emboss usulida - bo`rtiq holda naqshlanadi. Tannarxi esa hozirgi kartalarnikidan ikki baravar arzon bo`lib, ma`lumotlari karta yaroqsiz holga kelgunga qadar saqlanadi. Eng asosiysi, u orqali to`lovlarni amalga oshirish juda qulay: uch xil – ko`chmas, ko`char va mobil terminalda ishlaydi. Amaldagi karta va terminallarda to`lovlar kontakt, ya`ni terminal bilan karta to`g`ridan to`g`ri aloqa orqali amalga oshirilsa, “Xumo” kartalarida aloqasiz, ya`ni terminalga chipni tekizish orqali bir-ikki soniyada to`lov amalga oshiriladi. Ma`lum bir summagacha bo`lgan to`lovlarni pin-kodni kiritmasdan turib amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Pin-kodsiz, kontaktli amalga oshiriladigan to`lovlar birinchi galda jamoat transporti va ijtimoiy-maishiy xizmat ko`rsatish shoxobchalarida sinovdan o`tkaziladi. Karta egasining mablag`lari xavfsizligini ta`minlash uchun pin-kodsiz operasiyalarni ikki-uch marta amalga oshirish, keyingi tranzaksiyani albatta pin-kod kiritish yo`li bilan amalga oshirish majburiy etib qo`yiladi. To`langan summa kassa va terminal ekranida bir vaqtda ko`rinadi, bunday qulayliklar kartalardan foydalanish jozibadorligini oshiradi.

720_460_80_2930777338.jpg

Savdo shoxobchalaridagi kassalarda mijozlar o`zlarining pin-kodini kiritib, to`lovni amalga oshirishlari uchun alohida klaviaturalar o`rnatiladi. Hozirgidek pin kodingizni ayting, degan so`rovlarga o`rin qolmaydi.

Va yana bir yangilik - to`lovlarni mobil telefon orqali amalga oshirish mumkin. Karta shaxsiy mobil telefonga ulab qo`yilsa, har bir to`lov bo`yicha ma`lumot olish va kelajakda bank xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.

Yangi kartalarning yana bir afzal tomoni ularning hisob-kitoblarni ham milliy, ham xorijiy valyutada parallel amalga oshirish imkoni yaratilayotganida. Kartochka egalari xaridlarini to`lov kartochkasidan mamlakatimiz hududida so`mda, chetda esa mablag`lar avtomatik tarzda konversiya qilinib, o`sha davlat pul birligida amalga oshirishlari mumkin.

To`lov tizimlari bozorida yangi o`yinchining paydo bo`lishi to`lovlarning to`xtovsiz o`tishini ta`minlash, innovasion mahsulotlarni ilgari surish, bank xizmatlari ommabopligini ta`minlash va rivojlantirishni yangi pog`onaga olib chiqishga turtki beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1