O`zbekiston Mudofaa vazirligi qo`shinlari faoliyatiga zamonaviy ilmiy-texnik va rasionalizatorlik ishlanmalarini kiritish maqsadida 25—26 may kunlari “Hech bir ijobiy g`oya e`tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida “TECHNO DISCOVERY—2019” festivali o`tkazildi.
Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonida bo`lib o`tgan ushbu festival doirasida namoyish etilgan ixtirolarni mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, vazirlik mutasaddilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, shuningdek, barcha harbiy okruglar qo`mondonlari bevosita ko`zdan kechirib, har birining armiyamiz manfaatlari uchun qanchalik ahamiyatli ekanligi bilan qiziqdi.
O`zbekiston armiyasida birinchi bor o`tkazilayotgan bu turdagi keng ko`lamli festivalda uch yuzdan ortiq harbiy xizmatchilar o`zlarining yangicha yondoshuvlari asosida yaratgan ixtirolari, mavjud texnikalarga kiritgan o`zgartirish va qo`shimchalari, uzoq yillardan buyon foydalanilmasdan kelayotgan qurilmalarni zamon talablariga moslashtirgani bilan alohida ajralib turdi.
Xusasan, maxsus tadbirlar o`tkaziluvchi joylarda vujudga kelayotgan vaziyatlar haqida ma`lumotlar yig`ish va ularni qayta ishlash, boshqaruvni tashkillashtirish maqsadida qo`mondonlik va tezkor shtab ishini amalga oshirish uchun mo`ljallangan o`zgaruvchan hajmga ega mobil qo`mondonlik-shtab punkti ko`pchilikning e`tiborini tortdi.
“KamAZ” yuk mashinasining bazasiga o`rnatilgan ushbu punktni yaratishga 400 million so`mga yaqin mablag` sarflangan bo`lib, bir yoki ikki kishi uni to`liq ish jarayoniga tayyorlashiga 10 daqiqa sarflaydi. Uning yordamida videokonferensiyalarni ham hech qanday qiyinchiliksiz amalga oshirish mumkin. Ayni vaqtda mazkur mobil punktlar Mudofaa vazirligi tashkilotlarida ishlab chiqish yo`lga qo`yilmoqda.
Festivalning yana bir ko`zga ko`ringan loyihalaridan biri bu — desantchining o`quv-mashg`ulot kompleksi. Mazkur kompleks shaxsiy tarkibni parashyutdan sakrashga mukammal va ortiqcha xarajatlarsiz tayyorlashga mo`ljllangan. Uning yordamida desantchining uchish apparatidan sakraganidan boshlab bajaradigan barcha amaliy harakatlarini erning o`zida to`liq sinab ko`rish mumkin. Bundan tashqari “UTKD-1” qurilmasi vizualizatsiya tizimi bilan jihozlangan bo`lib, undagi maxsus dasturiy ta`minotga ega dasturiy-apparat moduli yordamida virtual reallik hosil qilinadi.
Avtomatni masofadan turib boshqarish qurilmasi esa ko`pchilikka Gollivudning “Shoqol” filmini eslatib yubordi.
Festivalda harbiy-texnik sohaga oid ishlanmalardan tashqari hayotning barcha jabhalarida foydalanish uchun mo`ljallangan innovasion loyihalar ham ishtirok etdi.
Jumladan, suv ostida mustaqil harakatlanuvchi robot, 3D model orqali robot harakati dasturini avtomatik yaratish tizimi, odamning yuz qiyofasini tanish orqali u haqida ma`lumot berish dasturi, zararlangan hududlardan turli namunalarni olib keluvchi robot va boshqa ko`plab shu turdagi ixtirolar yig`ilganlarning qiziqishini yanada orttirdi.
Bir vaqtning o`zida 4 ta akkumulyator batareyalarini zaryadlash imkoniga ega ko`chma batareya moduli esa nafaqat harbiy xizmatchilarga, balki uzoq yo`lga otlangan boshqa kasb egalariga ham asqotishi shubhasiz.
Shuncha rasionalizatorlik ishlari orasida yoshlar ham e`tibordan chetda qolgani yo`q. Chaqiriqqacha yoshlarni dastlabki o`t ochish ko`nikmalari bilan tanishtirish maqsadida yaratilgan mobil tir aynan bo`lg`usi Vatan himoyachilariga mo`ljallangan. Bunda harakatlanuvchi nishon pnevmatik vintovka va to`pponcha yordamida o`qqa tutiladi. Uning boshqa tirlardan afzalligi — 12 metrli konteynerdan yasalgani va istalgan og`ir texnika yordamida tashish qulayligida.
Akkumulyatorsiz o`t oladigan “KamAZ” yuk mashinasi, ming metrgacha uzoqlikdagi nishonga olishga yordam beradigan tunggi ko`rish moslamasi, harbiy kadrlar bilan ishlashda individual yondashuvni kuchaytirishga mo`ljallangan dasturiy ta`minot shu va boshqa turdagi ko`plab yangiliklar O`zbekiston armiyasi va harbiy xizmatchilarning kelajakdagi faoliyatiga yanada samara bag`ishlashiga ishonchimiz komil.
Festival yakunida general-mayor Bahodir Qurbonov Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faollariga “Namunali xizmati uchun” ko`krak nishonlarini, festivalni tashkil etishda jonbozlik ko`rsatgan hamda o`zining rasionalizatorlik ishlari bilan ko`pchilikning diqqatini tortgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvon va esdalik sovg`alarini topshirdi. Harbiy okruglar hamda harbiy qismlar qo`mondonliklari mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtobuslar bilan taqdirlandi.
Festival ishtirokchilari e`tiboriga Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli hamda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri, shuningdek, taniqli estrada xonandalari tomonidan havola etilgan ko`ngilochar tadbirlar, harbiy xizmatchilarning ko`rgazmali chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Bundan tashqari poligonda tashkil etilgan kitob yarmarkasi, sovrinli viktorina o`yinlari hamda madaniy tadbirlar festivalga kelgan aholining maroqli dam olishini ta`minladi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati