U 1899 yili 10 sentyabr kuni o`sha davrlarda Rossiya imperiyasiga qarashli bo`lgan Varshava yaqinidagi Gora-Kavaleriyada, yahudiylar qishlog`ida dunyoga keldi. Xonadon ahli – ota-ona va to`rt o`g`il, kichkina yog`och uychada yashardi. Bolakayning onasi urushdan oldin vafot etdi. Otasi va akalari esa Maydanek lagerida qurbon bo`lishdi. Keyinchalik bu bolakay Volf Messing bo`lib tanildi.
“Chiptang qani?”
Bolaligida Messing oyparastlik kasaliga chalingan. Lekin oila a`zolari bola uxlaydigan o`rin yonida tog`orada suv saqlab, uni davolashga erishdilar. Tunda o`rnidan turgan Volf oyog`ini suvga botirib olib, uyg`onib ketardi. Olti yoshidan diniy o`qishga borgan bolakay eng og`ir mashg`ulotlarni ham oson o`zlashtirardi.
Bir kuni Volf maktabdan qochib, vokzalga bordi. U erdan birinchi duch kelgan poezd vagoniga chiqdi-da, o`rindiq ostiga kirib uxlab qoldi. Bir mahal chiptachi nazoratchisining baqir-chaqir ovozidan uyg`onib ketdi. Uning vajohatidan qo`rqib, talmovsirab, erda yotgan qog`oz parchasini uzatdi. Nigohlar to`qnashdi. Bolakay o`sha damda qog`oz parchasini chipta, deb o`ylashlarin juda-juda istardi. Qarangki, xuddi shunday bo`ldi. Volf Berlinga eson-omon etib keldi.
U erda turli joydan kelib qolgan kelgindilardan birining uyida xizmatchi bo`lib ishga joylashdi. To`lanadigan ish haqi juda kamligi uchun bola yarim och holda ishlashga majbur bo`lardi. Bir kuni, hatto sillasi qurib, ko`chada hushidan ketib qoldi. Uni o`ldi deb o`ylab, o`likxonaga yubordilar. Uchinchi kuni taniqli psixiatr va nevropatolog, professor Abel bolani chuqur letargiya holatidan chiqarib olishga erishdi. Shunda birinchi bo`lib, professor Abel boladagi noyob qobiliyatni sezib qoldi. Keyin Volf bilan fikrlashib o`qish ustida tajribalar o`tkaza boshladi. Shundan so`ng u Messingni impressario Selmeyster bilan tanishtirib qo`ydi. Shundan so`ng Volf Berlin panoptikumida ishlay boshladi. Uning qiladigan ishi har hafta jumadan yakshanbagacha o`zini kataleptik holatga tushirib, shaffof tobutda yotishdan iborat edi.
Olimni jig`ibiyron qilgan tajriba
Professor Abel bilan tajribalar o`tkazish to`xtab qolgani yo`q. Natijalar esa tobora yaxshilanib borardi. Messing o`ziga fikran berilgan topshiriqni darrov ilg`ab olar, uni bajarishga kirishardi. Tajriba oshirish uchun Volf Berlindagi bozorlarga ham borardi. U-bu sotayotgan ayollar bilan suhbat qurardi. Mazkur suhbatlar ayollar hozirgina ko`nglidan o`tkazgan savollarga javob berishdan iborat bo`lardi Xonimlarning chaqchaygan ko`zlari, angrayib ochilib qolgan og`izlari uning adashmayotganidan dalolat berardi.
Ikki yil davomida shu holda mashq qilib yurgach, u professor Abeldan tanadagi og`riqni his qilish mexanizmini “o`chirib” qo`yishni o`rgandi. Shundan so`ng bolakay qishni bog`da vareteda faqir rolida chiqish qila boshladi. Tomoshada uning ko`kragiga ninalar sanchishar, bo`ynidan esa uzun ignani teshib o`tkazishardi.
O`n olti yoshga kirgan Volf ilk turnesini Vena shahrida boshladi. Turneda sirk tomoshalari ko`rsatilmay, balki ruhiy tajribalar namoyish etilardi. Uning tomoshalariga kiruvchilar borgan sari ko`payib borardi. Ulardan birida, hatto, buyuk Albert Eynshteyn shaxsan ishtirok etgan.
Bir kuni taniqli matematik uni mehmonga taklif qildi. Olimning uyiga kelgan Messing unikida mashhur vrach va faylasuf Zichmund Freydning ham o`tirganini ko`rdi. Faylasuf unga darrov ishga kirishishni taklif qilib qoldi. Unga bergan fikran buyrug`i g`oyatda kulgili. Volf buyruqqa ko`ra stol ustidaga pinset yordamida Eynshteynning quyuq mo`ylovidan uch dona yulib olishi lozim edi. Topshiriq bajarildi-yu, ammo bu kimningdir jahli chiqishiga sabab bo`ldi.
So`nggi chiqish va...
1917 yilda Messing keyinchalik to`rt yil cho`zilib ketgan turnega yo`l oldi. Bu turne salkam butun er sharini qamradi. 1921 yilda Varshavaga qaytgan Volfni Polsha armiyasiga xizmatga chaqirdi. Harbiy xizmatdan so`ng Messing butun diqqat-etiborini yana tomoshalar ko`rsatishga qaratadi. Parij, London, Rim, Stokgolm, Riga, Janubiy Amerika va Avstraliyada ham bo`ldi.
1937 yili Varshava teatrlaridan birida konsert berayotib, agar Gitler Sharqqa yursa, albatta mag`lub bo`ladi, deya bashorat qildi. Shundan so`ng Gitler uning boshi uchun 200 ming marka mukofot tayinladi. Shu bois uzoq yashirinib yurishiga to`g`ri keldi. Bir kuni sal ehtiyotsizlik qilgani uchun uni polisiyachilar qo`lga olishdi. Volf ularning o`z kamerasiga yig`ilishlari uchun butun mahoratini ishga soldi. Hamma yig`ilgach, qochib chiqib, polisiyachilarning o`zlarini qamab qo`ydi. Uni do`stlari Varshavadan pichan ortilgan aravada yashirincha olib chiqib ketdilar. Shu tariqa qochib, Rossiyaga kelib qoldi.
Kunlarning birida kimsan, Stalin medium bilan kabinetida suhbatlashayotib, hazil tariqasida chiqib keta olmasligini aytdi. Mahkama qattiq qo`riqlanar, belgi qo`yilmagan ruxsatnoma bo`lmasa, chiqib ketib bo`lmasdi. Bundan tashqari Stalin komendant va kotibasiga uni chaqirmasliklarini qattiq tayinlagandi. Oradan bir necha daqiqa o`tgach, medium komendantga top-toza qog`ozni berib, ko`chaga chiqdi-yu, ketdi...
Mashhur medium 1974 yili Moskvadagi “Oktyabr” kinoteatrida so`nggi bor chiqish qildi. 1975 yili esa vafot etdi va Vostryakovskiy qabristonida dafn etildi. Bu erda unga yodgorlik ham qo`yilgan. O`z taqdirini oldindan sezgan medium shunday degandi:
“Telepatik qobiliyat menga shunday narsalarni anglashga imkon beradiki, bundan dahshatga tushmay iloji yo`q. Havas qiladigan joyi mediumning kelajakni ko`ra olish qobiliyatimikan?! Bo`lishi mumkin. Shaxsan kamina hech qachon odamlarga yomon xabarlarni aytmaslikka intilaman. Yuraklariga oldindan g`ulg`ula solishning nima keragi bor? Xudo bergan umrini tinchgina yashayverishsin! Ammo men ularning taqdirlari uchun qayg`uraman. Xullas, menga havas ham qilib bo`lmaydi”.
Izzat Ahmedov





