Sog`liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlar orqali tez tibbiyyordam ko`rsatishda propiska so`ralayotgani haqidagi chiqish va murojaatlar yuzasidan quyidagilarni ma`lum qiladi.
Ma`lumki, tez tibbiy yordam xizmatining asosiy vazifasi fuqaroning hayotiga xavf tug`diradigan holatlarda birinchi tibbiy yordamni ko`rsatishdir. Ushbu tibbiy yordam barcha holatlarda – bemor O`zbekiston fuqarosimi yoki chet ellik mehmonmi, bundan qat`iy nazar bepul ko`rsatiladi. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 40-moddasida ham «Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega», deya qat`iy belgilab qo`yilgan.
– Tez tibbiy yordam chaqiriqlarida chaqiriq manzilga etib borganda, albatta, bemorning ro`yxatga olingan manzili to`g`risidagi ma`lumot so`raladi. Bu mavjud me`yoriy hujjatlarda belgilanganidek, chaqiriq qog`ozidagi“ro`yxatga olingan manzili” grafasini to`ldirish uchun amalga oshiriladi, – deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bo`lim mudiri Nasiba Mahmudova.– Chunkiertasi kuni har bir tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan bemor to`g`risida aynan ro`yhatda turgan manzili bo`yicha tegishli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, ya`ni poliklinikalarga ma`lumotlar etkaziladi. Bu esa tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan bemorni keyinchalik poliklinikaning umumiy amaliyot shifokori va patronaj hamshirasi nazorati ostida bo`lishini – o`zaro integrasiyani ta`minlaydi. Tez tibbiy yordam xizmati bemorga faqat simptomatik, ya`ni kasallikning belgilarini bartaraf qilishga qaratilgan muolajalarni bajarsa, poliklinikalar esa mana shu kasallikning qaytalanmasligiga qaratilgan davo choralarini amalga oshiradi.
Shuningdek, bemorning yashash manzili uning tegishli tartibga ko`ra dislokasiya asosida qaysi muassasaga gospitalizasiya qilinishini belgilaydi. Maqsad barcha shifoxonalarda bemor o`rinlari cheklanganligi bois bemorlarni shifoxonalar bo`yicha bir xil taqsimlanish orqaliularni samarali davolanishini ta`minlashga erishish hisoblanadi.
– Toshkent shahriga mehmon bo`lib kelganlar va muayyan joyda vaqtinchalik ro`yhatda turuvchilarga Toshkent shahrida doimiy propiskasi bo`lgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng tartibda tibbiy yordam ko`rsatiladi. Bu masalada qonunchiligimiz insoniylikning shu darajada cho`qqisiga chiqqanki, hattoki propiska uyoqda tursin, shaxsning fuqaroligi ham tez tibbiyyordam ko`rsatish jarayonida ahamiyatga ega emas. “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 29-moddasiga ko`ra,eng ko`p tarqalgan kasalliklar, shikastlanish, zaharlanish va shoshilinch yordam talab etiladigan boshqa holatlarni davolash davlat sog`liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul va har qanday cheklovlarsiz ko`rsatiladi. Hayoti yoki sog`lig`i uchun xavfli holatda bo`lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo`lmaydigan tibbiy yordam ko`rsatishni asossiz ravishda rad etish O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 591-moddasiga muvofiq, tegishli ma`muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi.Bemorga joyida yordam ko`rsatilgach, shifoxonaga olib borish talab qilinadigan holatlar mavjud bo`lsa, Sog`liqni saqlash vazirligining tegishli hujjatlariga asosan tez tibbiy yordam xodimi bemorni Toshkent shahrida joylashgan shifoxonalarga olib borishi lozim,– deydi Sog`liqni saqlash vazirligi yuridik bo`limi boshlig`i Ruslan Muhammadiev.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, tez tibbiy xizmat ko`rsatishda propiska bilan bog`liq masalalarning ro`kach qilinishi qonunbuzarlik hisoblanadi.
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






