Davlatimiz tomonidan muborak Ramazon oyida yana bir xayrli, ulkan ahamiyatga ega “Mehr” insonparvarlik operasiyasi amalga oshirildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning topshirig`iga binoan, 156 nafar vatandoshimiz, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarildi. Ular 30 may kuni maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindi.
Aldov oqibatida o`zga yurtga borib qolib, og`ir hayotiy davrni boshidan o`tkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatiladi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta`lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratiladi, boshpana va ish bilan ta`minlash choralari ko`riladi.