O`zbekiston Milliy axborot agentligi saytida e`lon qilingan “Andijonlik Xurshida Tillaeva kimni aldamoqda?..”nomli maqola yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan turli fikrlarni o`qib, oramizda o`zining kimligini aytmasa-da, o`zgalar taqdiri uchun qayg`uradigan, kuyib-pishib gapiradigan, kim yolg`onchi, kim haqu kim noxaq, kim to`g`ri ishlayaptiyu, kimni kimga ko`proq foydasi tegayotganini barchaga uqtirib qo`yayotgan yurtdoshlarimiz borligidan ochig`i, xursand bo`ldim.
O`ttiz yildan ortiq matbuot sohasida ishlagan bo`lsam, yozgan materiallarim, muharrirlik qilgan yuzlab kitoblarim (“Andijon” nashriyoti muharriri sifatida) bo`yicha hech kim yolg`on yozibsan, noto`g`ri tahrir qilibsan, degan gapni eshitmagan edim. Ammo ayrim meni bilmagan, tanimagan odamlar yolg`onchiga chiqarishini unchalik hazm qila olmadim. Beayb parvardigor, xatolarga yo`l qo`ygan bo`lishim mumkin, kamchiliklarim ham yo`q emasdir.

Lekin ana shu toifadagi insonlarga bir narsani eslatib o`tishni lozim, deb bilaman. Jurnalist bor narsani, ko`rgan, eshitgan, o`zi ishonch hosil qilgan ma`lumotni yozadi. Shaxsan men faoliyatimda ana shu prinsipga qat`iy amal qilaman, har bir yozgan so`z, aytgan gapga mas`ullikni his etaman. Jumladan, yuqorida keltirilgan maqoladagi har bir fikr, gap uchun qo`limda etarli asoslar borki, yozganman.

Ha, haqiqatdan ham Xurshida Tillaeva televideniega intervyu bergan, oilasiga yangi uy berilgani uchun Prezidentimizga, viloyat hokimiga, ana shunday xayrli ishlar boshidan turgan insonlarga minnatdorchilik bildirgan. Lekin ana shu uy onasining nomiga berilganini, o`ziga keyinchalik yangi qurilayotgan ko`p qavatli uylardan ikki xonali kvartira berilishini bilgan. Shunday bo`lsa-da, o`zining atrofidagi fisqu-fasod tarqatuvchi, tirnoqning orasidan kir qidiruvchi ba`zi bir insonlarning gapiga kirib, ana shunday ishga qo`l urgan, ya`ni ular “Menga uy berib, Prezidentimiz ketgandan keyin chiqarib yuborishdi, deb internet orqali ovoza tarqatsang, kottej-uyli bo`lasan”, deyishgan. Tabiatan sodda qiz ularga ishondi.
“Menga uy berib, Prezidentimiz ketgandan keyin chiqarib
yuborishdi, deb internet orqali ovoza tarqatsang, kottej-uyli bo`lasan”,
deyishgan. Tabiatan sodda qiz ularga ishondi.
– Men adashdim, – deydi Xurshida Tillaeva biz bilan suhbatda. – Kimlarningdir gapiga quloq solib, videomurojaat tayyorlab, “Ozodlik”ka yuboribman. Aslida qilgan bu ishim noto`g`ri ekan. Axir avval qanday og`ir sharoitda yashar edik. Yangi uydagi sharoitlar bilan er bilan osmoncha farqi bor. Onam, ukam, singlimga, qolaversa, opamga barcha sharoitlarga ega uy berilganidan qalbimda faqat shukronalik tuyaman. Nasib etsa, mustaqillik bayrami arafasida o`zim ham farzandlarim bilan yangi uyga ko`chib o`taman. Xudoga shukr, bugun ishim bor, daromad topyapman, qizim Jasmina, o`g`lim Abrorbek bag`rimda.

Yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar, o`zgarishlarni shunchaki aytish mumkin emas. Butun yurtni, millatni yuksaklikka ko`tarayotgan olamshumul ishlar bo`layotganini butun dunyo ko`rib, e`tirof etmoqda. Ayniqsa, Andijondagi qurilish, bunyodkorlik ishlarini, odamlarning kayfiyatidagi o`zgarishlarni, ularning turmush farovonliklari yuksalayotganini oddiygina qilib aytish mumkin emas. Butun O`zbekistonda bo`lgani kabi, Andijonda ham asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni kunda viloyatda 54 ming nafardan ziyod nogiron istiqomat qiladi.
Birinchi navbatda, yashash sharoitlari o`ta og`ir oilalarni uy-joy bilan ta`minlashga alohida e`tibor qaratilib, viloyat hokimligi tomonidan uy-joy bilan ta`minlanishi zarur bo`lgan nogironi bor oilalar ro`yxati shakllantirilgan. Bu ro`yxatga nogiron farzand boqayotgan Xalimaxon Tillaeva, ya`ni Xurshida Tillaevaning onasi ham kiritilgan.

Viloyatda keyingi ikki yil ichida birgina uy-joyga muhtoj, og`ir turmush sharoitida yashayotgan, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarni uy-joy bilan ta`minlash borasida juda ko`p ishlar amalga oshirildi. Yana faktlarni keltirib o`taman. Ayni kunda viloyatda 54 ming nafardan ziyod nogiron istiqomat qiladi. Birinchi navbatda, yashash sharoitlari o`ta og`ir oilalarni uy-joy bilan ta`minlashga alohida e`tibor qaratilib, viloyat hokimligi tomonidan uy-joy bilan ta`minlanishi zarur bo`lgan nogironi bor oilalar ro`yxati shakllantirilgan. Bu ro`yxatga nogiron farzand boqayotgan Xalimaxon Tillaeva, ya`ni Xurshida Tillaevaning onasi ham kiritilgan.
Xidirsha massivida barpo etilgan “Mustaqillikning 27 yilligi” mahallasidagi yangi qurilgan uylardan biri, 263- yangi kottej uy birinchi navbatda o`sha oilaga berildi.
– Avval, bunday uylarda yashashni hatto xayolimizga ham keltirmaganmiz, – deydi Xalimaxon aya Tillaeva. – Ikki qizim turmushdan ajragan, nogiron farzandim bor, yashash sharoitimiz juda og`ir edi. Yangi uy qilish biz uchun faqat orzu edi. Davlatimizga, Prezidentimizga rahmat. Bizday oddiy insonlarga mana shunday koshona uylar qurib berildi.
Qizim, kimlarningdir gapiga kirib, noto`g`ri ish qilibdi. Bundan men juda afsusdaman. Agar shunchalik e`tiborga, ko`makka shukr qilmasak, gunohkor bo`lamiz.

Bugun Andijondagi “Mustaqillikning 27 yilligi” mahallasiga borgan kishi atrofdagi go`zal manzaralardan, obodlikdan, adir bag`rida mana shunday obod mahalla barpo etilganidan hayratlanadi. Keng, yorug` ko`chalar, shinam uylar dilni yayratadi. Mahallada bir necha savdo do`koni, bog`cha faoliyat ko`rsatmoqda. Yangi maktab barpo etilmoqda, yangi o`quv yiliga qadar u foydalanishga topshiriladi.
– Mahallamizda qisqa davr ichida mingdan ortiq yangi uylar barpo etildi, – deydi mahalla raisi Ziyodullo Jabborov. – Tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan to`la ta`minlangan. Yaratilgan sharoitlardan mahalla ahli behad mamnun.

Viloyat hokimligi, mutasaddi tashkilotlar tomonidan odamlarning turmush farovonligini yuksaltirish, yashash sharoitini yaxshilish uchun zarur ishlar olib borilmoqda. Imkoniyatdan kelib chiqib, eng og`ir sharoitda yashayotgan, shuningdek, nogironi bor oilalarni uy-joy bilan ta`minlashga harakat qilinayotir. O`tgan yili 459 ta, joriy yilning o`tgan davrida 59 ta ana shunday oilalar uy-joy bilan ta`minlandi. Bugungi kunda, birinchi navbatda, uy-joy bilan ta`minlanishi zarur oilalar talaygina.
Uy-joyga muhtoj oilalarning barchasini birdaniga uy bilan ta`minlash mantiqqa to`g`ri keladigan ish emas. Hamma narsa birdaniga bo`lishi mumkin emas, ish bor joyda kamchilik bo`lishi tabiiy.

Yurtimizda yuqoridagi kabi xayrli ishlar olib borilayotgani, qanchadan-qancha uy-joyga muhtoj insonlar uyli bo`layotgani quvonarli, albatta. Lekin ana shu ishlarning ichidan kir qidirayotgan kishilar “Davlat uni qilib berish kerak, buni qilib berish kerak”, degan iddolarni to`xtatsa yaxshi bo`larmidi, degan o`y o`taeradi hayolimdan…
So`ngi so`z o`rnida bir gap aytmoqchiman: Ba`zi «xalqparvar kuyunchak»lar yurtdoshimiz Xurshida Tillaeva haqida yozganlarimizga ishonmasa, Andijonga kelib o`zi bilan suhbatlashsin. Andijondagi bunyodkorlik ishlarini ko`rsan. Zora, fisqu-fasod tarqatishdan tiyilsa.
Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O`zA






